"Mutolaa — tafakkur va taraqqiyot yo‘li" shiori ostida Abdulla Qodiriy uy-muzeyida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Yoshlarning yozgi ta’tilini mazmunli o‘tkazish maqsadida “Dolzarb 90 kunlik” loyihasi doirasida Neft va gaz texnologiyasi fakulteti dekan o'rinbosari N.Sh.Zulyarova, fakultet tyutorlari E.I. Majidov, X.S.Atajonov, U.K.Erxonov hamda talabalar ishtirokida Abdulla Qodiriy uy-muzeyida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir avvalida muzey direktori Xondamir Qodiriy ishtirokchilarga adibning hayot yo‘li, ijodiy merosi hamda muzeydagi eksponatlar haqida qiziqarli ma’lumotlar berib, ekskursiya uyushtirdi. Muzeyning har bir xonasidagi kitoblar, fotosuratlar va nashrlar talabalar e’tiborini tortdi. Shuningdek, hovlidagi haykaltarosh Bahrom Norboyev yaratgan Abdulla Qodiriy haykali ham katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbirning asosiy qismi — Abdulla Qodiriy asarlari asosidagi munozara-debat bilan davom etdi. Talabalar yozuvchi ijodi, romanlaridagi ilg‘or g‘oyalar hamda ularning bugungi kun uchun ahamiyati haqida qizg‘in fikr almashdilar.
Tadbir doirasida Shayxontohur tumani Axborot-kutubxona markazi direktori U.X.Shomirzayev hamda Abonement va foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi rahbari N. Azizova ishtirokida mazmunli davra suhbati o‘tkazildi.
Mutaxassislar kitob mutolaasining shaxs kamolotidagi beqiyos o‘rni, tafakkurni boyitishdagi o‘ziga xos ahamiyati, shuningdek, badiiy adabiyotning yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishdagi o‘rni haqida keng qamrovli fikr-mulohazalar bildirdilar. Suhbat jarayonida talabalarning savol-javoblari, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha taklif va tashabbuslari ham tinglanib, ularni amalga oshirish yuzasidan kelgusi rejalar belgilandi.
Tadbir so‘ngida munozara-debat g‘oliblari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Shundan so‘ng talabalar muzeydagi qimmatbaho eksponatlar, tarixiy nashrlar va yozuvchi Abdulla Qodiriy hayoti hamda ijodiga oid qiziqarli ma’lumotlar bilan yanada chuqur tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Talabalar buyuk adib merosidan bahramand bo‘lib, boy taassurotlar hamda yangi bilimlar bilan qaytishdi.