So‘nggi kunlarda Navoiy shahrida atmosfera havosining keskin ifloslanishi aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Shu bois, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari vazirligi mutaxassislari, ilmiy xodimlar va tegishli tashkilot vakillaridan iborat Respublika ishchi guruhi tuzilib, joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari boshlangan.
Natijada viloyatda havoni ifloslantirayotgan bir nechta korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Ifloslantiruvchi manbalarni aniqlash, zararli tashlamalar miqdorini o‘lchash va ularni bartaraf etish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rilmoqda.
O‘rganishlarning birinchi bosqichida ishchi guruh “Sogda Kimyo Zavodi” MCHJ faoliyati bilan tanishib, ekologik holat va atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlar konsentratsiyasini zamonaviy uskunalar yordamida aniqladi. Ikkinchi bosqichda esa “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida shunday o‘rganish ishlari olib borildi.
Hozirda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar belgilanishi kutilmoqda.