Neft va gaz texnologiyalari fakulteti jamoasi tomonidan Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi
14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Toshkent kimyo-texnologiya instituti Neft va gaz texnologiyalari fakulteti jamoasi tomonidan Shayxontohur tumani 2-son Ichki ishlar bo‘limida soha mutaxassislari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi yurt tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan harbiy va huquq-tartibot organlari xodimlarini ushbu ulug‘ bayram bilan tabriklash, ularning mardligi, jasorati va Vatanga sadoqatini e’tirof etishdan iborat bo‘ldi.
Davra suhbati davomida Shayxontohur tumani 2-son IIB boshlig‘i, kapitan Egamberdiyev Temur ichki ishlar organlari xodimlarining sharafli va mas’uliyatli xizmat yo‘li, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashdagi beqiyos hissasi haqida so‘z yuritdi. U harbiy xizmatchilarning fidoyiligi, yuksak intizomi va qat’iyati yosh avlod uchun haqiqiy ibrat maktabi ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, Toshkent kimyo-texnologiya instituti profilaktika katta inspektori, podpolkovnik Aziz Jumanov Vatan himoyachilarining jamiyatdagi o‘rni, ularning xizmat faoliyati davlat va xalq ishonchiga munosib ekanini alohida qayd etdi.
Uchrashuvda Neft va gaz texnologiyalari fakulteti dekan o‘rinbosari N.Zulyarova, fakultet tyutorlari E.Majidov, F.Norqulova, A.Allambergenov, M.Matqurbonova hamda talabalar ishtirok etib, harbiy xizmatchilarning mashaqqatli, ammo sharafli mehnatiga nisbatan chuqur hurmat va e’tiroflarini bildirdilar.
Tadbir yakunida Shayxontohur tumani 2-son IIB jamoasiga Vatan tinchligi yo‘lidagi fidokorona xizmati hamda yoshlar qalbida vatanparvarlik ruhini shakllantirishdagi hissasi uchun tashakkurnoma topshirildi.
Uchrashuv barchada katta faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otib, bayramona ruhda yakunlandi.