“Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida o‘tkazilayotgan umumxalq xayriya hashari doirasida Toshkent kimyo-texnologiya instituti Kimyoviy injiniring fakulteti tyutorlari tomonidan xayrli tashabbus amalga oshirildi.
Ular Yangi Olmachi MFYda istiqomat qilayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalar — Raxmonali aka va Komil ota xonadonlariga tashrif buyurib, ularning holidan xabar olishdi. Samimiy muloqot davomida keksalarning duolarini olinib, ularning xonadonida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Shu bilan birga, tyutorlar mehr-oqibat ramzi sifatida ularga amaliy yordam ko‘rsatib, uy-joylarining tozaligi va obodonligiga ham ko‘maklashdilar.
Mazkur ezgu tashrif nafaqat keksalar qalbida quvonch uyg‘otdi, balki yosh avlod uchun ham insoniylik, mehr-oqibat va kattalarga hurmat namunasi bo‘lib xizmat qildi.