14-dekabr kuni Toshkent shahridagi "Alpomish" muz saroyida "Toshkent yoshlarni sevadi" yoshlar oyligi doirasida maktab va litsey bitiruvchilari uchun maxsus tadbir o‘tkazildi. Mazkur ko‘rgazma oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagidagi yoshlar uchun o‘quv forumi shaklida tashkil etilib, o‘ziga xos targ‘ibot yarmarkasi sifatida o‘tdi. Tadbirda Toshkent kimyo-texnologiya instituti faol ishtirok etdi va yoshlarni oliy ta’lim imkoniyatlari bilan tanishtirdi.
Ko‘rgazmada Toshkent shahridagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari, jumladan Toshkent kimyo-texnologiya instituti Karyera markazi boshlig'i Mirkomilov Abdurahmon Mirabbos o‘g‘li boshchiligidagi instituti vakillari faol ishtirok etdi. Tadbir davomida yoshlar o‘zlari qiziqqan oliygohlar bilan yaqindan tanishish, qabul jarayonlari va ta’lim dasturlari haqida batafsil ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ldilar.
Ko‘rgazmada 20 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi o‘z taqdimotlari bilan qatnashdi. Har bir oliygoh o‘z targ‘ibot materiallari va dasturlarini namoyish qilib, kelgusida ta'lim olishni rejalashtirayotgan yoshlarning savollariga javob berdi.
Tadbir davomida oliy ta’lim muassasalarining yo‘nalishlari va o‘quv dasturlari, talabalarga taqdim etiladigan stipendiyalar va grant imkoniyatlari, o‘qishga kirish shartlari va qabul jarayonlari bo‘yicha ma’lumotlar batafsil tushuntirildi.
Tashrif buyurgan yoshlar oliygohlarning stendlariga tashrif buyurib, ta'lim imkoniyatlari haqida to‘liq ma'lumotga ega bo‘lishdi. Shuningdek, institut va universitet vakillari tomonidan maxsus taqdimotlar ham tashkil qilindi.
"Toshkent yoshlarni sevadi" yoshlar oyligi doirasida o‘tkazilgan mazkur tadbir yoshlar va ta’lim muassasalari o‘rtasida muhim ko‘prik vazifasini bajardi. Ushbu ko‘rgazma orqali bitiruvchilar oliy ta’lim olish imkoniyatlari haqida kengroq tushunchaga ega bo‘lishdi.