Oziq-ovqat va vinochilik texnologiyalari fakultetida “Ota-onalar Kongressi” o‘tkazildi
Bugun Oziq-ovqat va vinochilik texnologiyalari fakultetida ota-onalar bilan yaqindan muloqot qilish, ta’lim jarayoni bo‘yicha batafsil ma’lumot berish va hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan “Ota-onalar Kongressi” bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oziq-ovqat va vinochilik texnologiyalari fakulteti dekani A.Normatov, Yoshlar bilan ishlash bo’yicha dekan o‘rinbosari B.Poyanov, Enalogiya va bijg’ish mahsulotlari kafedrasi mudiri A.Boboyev va Biotexnologiya kafedrasi mudiri G’.Nazarov, shuningdek tyutorlar ishtirok etdi.
Ular o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha so‘zga chiqib, talabalarning o‘qish jarayoni, darslarning tashkil etilishi, amaliy mashg‘ulotlar, intizom masalalari va rivojlanish rejalarini batafsil tushuntirdi.
Ota-onalar o‘z savollarini berib, farzandlarining o‘qishidagi yutuqlar va mavjud muammolar bo‘yicha fikr almashish imkoniga ega bo‘ldi. Har bir savolga aniq va batafsil javob berildi.
Shuningdek, tadbir doirasida ota-onalar fakultet sharoitlari bilan tanishtirildi: zamonaviy laboratoriyalar, o‘quv xonalari va amaliyot bazasi ko‘rsatildi.
Ular laboratoriyalardagi texnika va jihozlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, farzandlarining ta’lim olayotgan
muhitini yaqindan bilib oldi.
“Ota-onalar Kongressi” fakultetimiz va ota-onalar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim qadam bo‘ldi.