Ijtimoiy tarmoqlar

Qatag‘on qurbonlari xotirasi yod etildi

 Qatag‘on qurbonlari xotirasi yod etildi

2025-yilning 12-sentabr kuni O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag'on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida xalqimiz tarixida og‘ir iz qoldirgan qatag‘on qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy va ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Usmonov Botir Shukurillayevich hamda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag'on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori Hasanov Baxtiyor Vaxapovich boshchiligida, Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha birinchi prorektor B.N.Boborajabov, Talabalar orasida ijtimoiy-maʼnaviy muxit barqarorligini taʼminlashga masʼul boʼlgan rektor maslahatchisi A.R.Erkayev, taniqli shoir Bobur Bobomurod, fakultet dekani, dekan o'rinbosarlari, tyutorlar, professor-o‘qituvchilari, talabalari hamda qator mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori B.Sh.Usmonov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori B.V.Hasanov kirish soʻzi bilan ochib berishdi. Ular oʻz nutqlarida xalqimiz boshidan kechirgan ogʻir sinovlar, qatagʻon qurbonlarining xotirasi, bugungi tinch va osoyishta hayotimizning qadriga yetish lozimligi haqida soʻz yuritdilar. Shuningdek, Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyining faoliyati va u yerda saqlanayotgan tarixiy dalillar, hujjatlar, eksponatlar yoshlar uchun katta saboq ekani alohida taʼkidlandi.

Shuningdek, tadbir davomida taniqli shoir Bobir Bobomurod ham so‘zga chiqib, qatag‘on qurbonlari xotirasi, ularning mardona hayoti va tarixiy saboqlari haqida fikr bildirdi. Shoir o‘z nutqida adolat va ozodlik yo‘lida qurbon bo‘lgan ajdodlarimizni yod etish har bir avlodning muqaddas burchi ekanini ta’kidladi hamda shu mavzuga oid o‘zining ta’sirchan she’rini ham o‘qib berdi.

Qatag‘on davrida ilm-fan, san’at va jamiyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan yurtdoshlarimiz xotirlandi. Ularning bebaho saboqlari va ma’naviy merosi bugungi va kelajak avlod uchun muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Tadbir yakunida talabalar va tashrif buyurganlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyiga tashrif buyurishdi. 

Muzeyga sayohat davomida ular qatagʻon davriga oid tarixiy hujjatlar, fotosuratlar va shaxsiy buyumlar bilan tanishib, ajdodlarimiz boshidan kechirgan ogʻir sinovlar haqida yanada chuqurroq tasavvurga ega bo‘lishdi. Mazkur tashrif yoshlarda tarixiy xotirani asrab-avaylash, bugungi tinch va osoyishta hayotimizning qadriga yetish zarurligini yanada teran his etishga xizmat qildi.