“Qizlar — kelajagimiz nuri”
11-oktabr — Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan Neft va gaz texnologiyalari fakultetida “Qizlar — kelajagimiz nuri” nomli davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni institut xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Gulnora Aripova ochib berib, qizlarning ta’lim va ilm-fandagi o‘rni, jamiyat hayotidagi faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
Davra suhbatida Shayxontohur tumani hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Z.Tohirova hamda psixoterapevt, terapevt dotsent Umida Anvarovna mehmon sifatida ishtirok etdilar. Ular zamonaviy qizlarning ijtimoiy hayotdagi o‘rni, o‘ziga ishonch va ma’naviy yetuklik masalalari haqida fikr almashdilar.
Z.Tohirova o‘z faoliyatidagi muvaffaqiyatlari hamda qiyinchiliklari haqida so‘zlab, talabalar bilan hayotiy tajribalarini bo‘lishdi. Umida Anvarovna esa talaba qizlar liderlik qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan psixologik trening o‘tkazdi.
Tadbir davomida talaba qizlar o‘z fikr va takliflarini bildirdilar, mehmonlar esa o‘z tajribalari asosida motivatsion maslahatlar berdilar.
Suhbat iliq va samimiy ruhda o‘tib, qizlarni yanada faollikka, o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishga chorlovchi fikrlar bilan yakunlandi.