2024-yil 28-noyabr kuni Toshkent kimyo-texnologiya instituti "Sanoat muhandisligi va menejment" fakultetida Xotin-qizlar Kengashi tashabbusi bilan yosh avlodni rahbarlik va tadbirkorlik sohasiga yo‘naltirish, qobiliyatlarini rivojlantirish va ularga ilhom berish maqsadida muhim uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda Olmazar tumani deputati, O‘zto‘qimachiliksanoat uyushmasining dizaynni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Gulyamova Kamola Xaitovna mehmon sifatida ishtirok etdi.
Uchrashuvda Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi Gulnora Aripova, "Sanoat muhandisligi va menejment" fakulteti dekanining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi J.A. Aliyeva, "Kimyoviy injiniring fakulteti" maslahatchisi M. Bekmuratova, boshqa fakultet maslahatchilari va talaba-yoshlar qatnashdilar.
Tadbir davomida Gulyamova Kamola Xaitovna o‘zining rahbarlik faoliyati va tadbirkorlik sohasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. U ishga bo‘lgan qat’iyat, maqsad sari izchillik va doimiy rivojlanishning ahamiyatini ta’kidladi. O‘z faoliyatida duch kelgan qiyinchiliklarni qanday yenggani va muvaffaqiyatga erishish yo‘llarini amaliy misollar orqali tushuntirib berdi.
Uchrashuvda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, Kamola Xaitovnaning qimmatli tavsiyalaridan bahramand bo'ldilar. Ayniqsa, rahbarlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun zarur qadamlar va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish haqida berilgan maslahatlar ishtirokchilar tomonidan iliq qarshi olindi.
Mazkur uchrashuv yosh qizlarning intilishlarini rag‘batlantirish, ularga yangi maqsadlar qo‘yishda va shaxsiy o‘sish sari dadil qadamlar tashlashida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Tadbir nafaqat talabalarga bilim va ilhom berdi, balki ularda o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirishga xizmat qildi.