2024-yil 19-noyabr kuni Toshkent kimyo-texnologiya institutida Shayxontohur tuman Tibbiyot birlashmasi shifokori Nasiba Shukurova va ginekolog Rislolat Rajabova ishtirokida ayol-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan davra suhbati tashkil etildi. Unda institutning katta shifokori hamda talaba-qizlar qatnashdi.
Tadbirni Oziq-ovqat va vinochilik texnologiyalari fakulteti YBIB dekan o'rinbosari Sh.Begmatov kirish so'zi bilan ochib berdi. Tadbirning asosiy maqsadi balog‘at yoshidagi qizlarni hayotning muhim bosqichlariga tayyorlash, ularning jismoniy va ruhiy sog‘ligini mustahkamlash, sog‘lom ona va sog‘lom bola konsepsiyasini keng targ‘ib qilishdan iborat edi. Mutaxassislar o‘z so‘zlarida qizlar hayotidagi ginekologik sog‘liqning ahamiyatiga, gigiena qoidalariga rioya qilish va to‘g‘ri ovqatlanish odatlariga urg‘u berishdi.
Mazkur davra suhbati nafaqat sog‘liqni saqlash sohasida, balki qizlarning shaxsiy rivojlanishida muhim rol o‘ynab, ularga hayotga yanada mas’uliyat bilan yondashishda yordam beradi. Shu kabi tadbirlar yoshlarning sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.