STEM FAIR— tabiiy fanlar yo'nalishida o'quvchilar tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar ko'rgazmasi bo'lib o'tdi.
Toshkent shahridagi Prezident maktabida “STEM FAIR” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda o‘quvchilardan tashkil topgan 40 dan ortiq jamoalar o‘zlarining ilmiy loyihalari bilan ishtirok etdi.
Aytish joizki, “STEM FAIR” ko‘rgazmasida o‘quvchilarning kimyo, biologiya, fizika, matematika va kompyuter texnologiyalari fanlariga oid global muammolar — xususan, iqlim o‘zgarishlari, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muvozanatni saqlash hamda barqaror energiya manbalarini rivojlantirish kabi yo‘nalishlardagi ilmiy izlanishlari nafaqat nazariy qarashlarga, balki amaliy tajriba va eksperimentlarga asoslangan xulosalarga tayanishi bilan e’tiborga loyiqdir.
Tadbirda o'quvchilar o'z loyihalarini namoyish etib, bilim va ko'nikmalarini amaliy tarzda sinovdan o'tkazadilar. Bunday loyihalar kelajakda ilm-fan, texnologiya va sanoat sohalarida muhim yangiliklar va innovatsiyalarni yuzaga keltirishi mumkin. Ko'rgazma yosh ixtirochilarga o'z bilimlarini amalda qo'llash, yangi g'oyalar asosida kelajakda katta loyihalar yaratish uchun mustahkam poydevor qurish imkonini beradi.
Loyihalarni oliy ta'lim muassasalaridan taklif qilingan professorlar va soha mutaxassislari baholashadi. Har yili o'tkaziladigan ko'rgazmadan farqli ravishda, bu o'quv yilida matematika va robototexnika yo'nalishlarida ham o'quvchilar o'z loyihalarini namoyish qildilar.