Talaba-yoshlar orasida huquqiy madaniyat va kiberxavfsizlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan profilaktik tadbir o‘tkazildi.
Toshkent kimyo-texnologiya instituti Kimyoviy injiniring fakultetida talaba-yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, ularni jinoyat va huquqbuzarliklardan, shuningdek, zamonaviy xavf-xatarlardan, xususan, kiberjinoyatlardan asrash maqsadida navbatdagi profilaktik-ma’naviy tadbir tashkil etildi.
Tadbir Mirzo Ulug‘bek tumani Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Unda boshqarma boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, mayor Dilshod Ismailbekov, tuman ichki ishlar bo‘limining uchastka noziri Ozodbek Xasanov, fakultet dekan o‘rinbosari N.Sh. Zulyarova, soha mutaxassislari, tyutorlar va talabalar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, qonuniylikka amal qilish madaniyatini shakllantirish, ijtimoiy muhitni sog‘lomlashtirish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, bugungi kunda dolzarb bo‘lib borayotgan kiberxavfsizlik, ya’ni ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy ma’lumotlarni himoyalash, onlayn firibgarliklarning oldini olish, internet madaniyati va xavfsiz raqamli xatti-harakatlar haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Mutaxassislar tomonidan talabalarga amaldagi qonunchilik, yoshlarning huquq va majburiyatlari, shuningdek, virtual makonda o‘zini tutish qoidalari yuzasidan tavsiyalar berildi. Tadbir ochiq muloqot shaklida o‘tdi, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Bu kabi tadbirlar yoshlarni huquqiy jihatdan yetuk, axborot xurujlariga nisbatan ogoh va mas’uliyatli shaxs etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.