Ta’lim sifatini ta’minlashda talabalar ishtiroki bo‘yicha xalqaro seminar-trening
2025–2026-yillarga mo‘ljallangan loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida Buyuk Britaniyaning QAA (Quality Assurance Agency) ekspertlari ishtirokida ta’lim sifatini ta’minlashga bag‘ishlangan vebinarlar turkumi tashkil etilmoqda.
2025-yil 19-dekabr kuni mazkur vebinarlar turkumining 2-sessiyasi doirasida Buyuk Britaniyadagi QAA eksperti, professor Tullio Lobetti tomonidan ZOOM platformasida “Ta’lim sifatini ta’minlashda talabalar ishtiroki” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.
Seminar-treningda institut Ta’lim sifati nazorati bo‘limi, Registrator ofisi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi vakillari, Matbuot xizmati hamda talabalar faol ishtirok etdilar.
Mashg‘ulot davomida Buyuk Britaniya oliy ta’lim tizimida sifatni ta’minlashning muhim mexanizmlari — “Sifat kodeksi” (Quality Code) va “Talabalar ovozi” (Student Voice) tushunchalari atroflicha yoritildi. Talabalar fikrining ta’lim sifatini oshirishdagi o‘rni alohida ta’kidlandi.
Seminar-trening tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ishtirokchi talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.