Ijtimoiy tarmoqlar

Telegram kanallarda tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat!

Murojaatda Toshkent kimyo-texnologiya institutida “domlalar institutga 270 ming so‘mdan pul olib borishga majburlanayapmiz. Go‘yoki kimyo-texnologiya institutida maxsus kiyim (spes odejda) bilan darsga kelishimiz kerak ekan, yana kamiga maxsus kiyim sifatida kostyum tanlanibdi va kostyumga Kimyo texnologiya instituti degan belgini yozishar ekan” degan ma’lumotlar keltirilgan.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq pedagog, eng avvalo kasbiy faoliyatini amalga oshirish chog‘ida pedagogik etika qoidalariga rioya etishi, yoshlarga o‘rnak bo‘lishi, shuningdek, o‘zi mehnat qilayotgan oliygohning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi zarur.  

Toshkent kimyo-texnologiya institutining 2024-yil 1-iyulda bo‘lib o‘tgan kengashida yoshlarning ustozlarga nisbatan hurmatini oshirish, nufuzli pedagog qiyofasi hamda institut brendi (Dress-kodi)ni yaratish maqsadida institut professor-o‘qituvchilari, rahbar va xodimlari uchun kostyum joriy qilish (majburiy tartibda emas) masalasi muhokama qilinib, kengash a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va tasdiqlangan.

Kostyum tayyorlash uchun “EXPRESS TEXTILE SERVICE” MCHJ korxonasi tomonidan har bir kostyum narxi 270 ming so‘m etib belgilangan hamda zarur holda ushbu to‘lovlarni qoplash uchun qulaylik yaratish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan professor-o‘qituvchilar, rahbar va xodimlarga 340 ming so‘mdan mukofot puli ajratilgan.

Yangi o‘quv yiliga qadar kostyumlarni tayyorlatish maqsadida joriy yilning 10 iyul kuni “EXPRESS TEXTILE SERVICE” MCHJ mutaxassislari institutga tashrif buyurib, kostyum razmerlarini olish ishlari tashkil etildi hamda professor-o‘qituvchilar, rahbar va xodimlar taklif qilindi. Kostyum xarajatlari (270 ming so‘m) professor-o‘qituvchilar, rahbar va xodimlar tomonidan korxona mas’ullariga to‘lab berilgan bo‘lib, to‘lovlarni qabul qilish jarayonida institut rahbarlari va xodimlari ishtirok etmagan.

Qayd etish kerakki, bu jarayonga hech kim majburlanmagan, aksincha institut logotipi tushirilgan kostyum joriy qilinishi institut jamoasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Qolaversa, xodimlar ushbu kostyumlarni doimiy kiyib yurishi lozimligi hech qayerda majburiy etib belgilanmagan.

Shu bilan bir qatorda, ijtimoiy tarmoqlarda anonim tarzda noto‘g‘ri ma’lumotlarni yoritish orqali institut obro‘-e’tibori va nufuziga dog‘ tushirish, shuningdek, institut xodimlariga nisbatan dalillar bilan asoslanmagan ma’lumotlarni tarqatish, turli ig‘vo, fitna, tuhmat uyushtirish qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatib o‘tamiz.