Toshkent kimyo-texnologiya instituti Kimyoviy injiniring fakultetida Toshkent shahar salomatlik markazi shifokori Gulshoda Abdullayeva ishtirokida "Reproduktiv salomatlik. Sog‘lom turmush tarzi – salomatlik garovi" hamda "OITS va giyohvandlik – jamiyatning dolzarb muammosi" mavzularida uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda talabalar hayotida sog‘lom turmush tarzining ahamiyati, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik, zararli odatlardan voz kechish hamda reproduktiv salomatlikni asrashning muhim jihatlari haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Gulshoda Abdullayeva talabalar bilan ochiq muloqot olib borib, ularning sog‘liq bilan bog‘liq savollariga javob berdi.
Shuningdek, uchrashuvning ikkinchi qismi OITS va giyohvandlik mavzusiga bag‘ishlandi.Tadbir davomida giyohvand moddalar iste’molining jismoniy va ruhiy oqibatlari, OITS kasalligining oldini olish choralari hamda yoshlarni ushbu xavfli illatlardan himoya qilish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi. Shifokor yoshlar orasida sog‘lom hayot tamoyillarini shakllantirish muhimligini ta’kidlab, OITSning oldini olish va giyohvandlikka qarshi kurash bo‘yicha zarur ko‘nikmalarni shakllantirish lozimligini qayd etdi.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar hamda sog‘lom turmush tarziga oid foydali tavsiyalar bilan tanishdilar. Bunday uchrashuvlar yoshlarning sog‘lom va faol hayot kechirishlariga turtki bo‘lib, ularning hayotiy qarashlarini shakllantirishga xizmat qiladi.