Ijtimoiy tarmoqlar

"Tibbiy savodxonlik – sog‘lom hayot kafolati"

"Tibbiy savodxonlik – sog‘lom hayot kafolati"

Kimyoviy injiniring fakultetida "Hayot bebaho ne'mat" shiori ostida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yoshlarda tibbiy savodxonlikni oshirish, OIV infeksiyasi haqida to‘g‘ri va ishonchli ma’lumotlar berish maqsadida soha mutaxassislari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Mazkur uchrashuvda Toshkent shahar OITSga qarshi kurashish markazi mutaxassislari –R.M. Yakubov, L. Sultonova va S.Sayfullayevalar ishtirok etishdi.

Tadbir davomida mutaxassislar OIV infeksiyasining kelib chiqish sabablari, uning organizmga ta’siri, profilaktika choralari, yuqtirish yo‘llari va noto‘g‘ri tushunchalar haqida atroflicha ma’lumotlar berishdi. Talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qildilar, mavzuga oid interaktiv muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning amaliy qismida esa fakultetning barcha professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talabalari uchun OIV infeksiyasiga qarshi qon tahlili o‘tkazildi. Tekshiruv natijalari ayni joyning o‘zida aytilib, har bir ishtirokchiga individual yondashuv ta’minlandi.

Bu kabi tadbirlar nafaqat tibbiy profilaktika, balki sog‘lom jamiyat sari yo‘naltirilgan muhim qadamlardan biridir. Unda talabalarda kasalliklarning oldini olishga bo‘lgan mas’uliyat hissi, ijtimoiy faollik va salomatlik uchun ongli yondashuv shakllanadi.