Toshkent kimyo-texnologiya institutida xalqaro ilmiy-texnikaviy anjuman boshlandi
Bugun, 2025-yil 16-oktabr kuni Toshkent kimyo-texnologiya institutida “Muhandislik texnologiyalarida yechimlarni topishda tizimli fikrlash” mavzusidagi xalqaro ilmiy-texnikaviy anjuman o‘z ishini boshladi.
Mazkur nufuzli ilmiy tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, “Turon” fanlar akademiyasi hamda xorijning yetakchi ilmiy markazlari hamkorligida tashkil etildi.
Tashkilotchilar qatorida Rossiyaning D.I.Mendeleyev nomidagi kimyo-texnologiya universiteti, Vengriyaning Obuda universiteti, Ispaniyaning Kantabria universiteti, Qozog‘istonning M.M.Auezov nomidagi janubiy tadqiqot universiteti, Qirg‘iziston davlat texnika universiteti, Slovakiya texnologiya universiteti, shuningdek Samarqand xalqaro texnologiyalar universiteti kabi oliygohlar bor.
Anjuman ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “O‘zkimyosanoat” AJ, sanoat korxonalari, TKTI rahbariyati, xorijiy mehmonlar va yosh olimlar ishtirok etdilar.
Tantanali ochilish marosimida Toshkent kimyo-texnologiya instituti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Babaxanova Zebo Abdullayevna institutimiz rektori professor Usmonov Botir Shukurillayevichning nutqini o'qib eshittirdi unda xalqaro ilmiy hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilayotgani, muhandislikda tizimli fikrlash konsepsiyasi bugungi ilm-fan taraqqiyotida muhim o‘rin tutayotganini ta’kidlandi.
Dastur doirasida:
TKTI va xorijiy hamkorlar o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi;
Bir qator xorijiy olimlarga “TKTI faxriy professori” unvoni topshirildi;
Institut tadqiqot natijalari, sanoat hamkorlari ishlanmalari hamda poster taqdimotlar ko‘rgazmasi ochildi.
Tizimli fikrlash – muhandislikda innovatsion yechimlar sari
Xalqaro ilmiy-texnikaviy anjumanning birinchi kunida turli mamlakatlardan taniqli olimlar, sanoat mutaxassislari va professor-o‘qituvchilar muhandislik va texnologiya sohalaridagi dolzarb masalalar yuzasidan o‘z ilmiy ma’ruzalarini taqdim etdilar.
Ular orasida akademik Omon Kadirov (O‘zbekiston), professor Abdurashid Xasanov (“Olmaliq KMK” AJ), doktor Muhammad Riza Bahrami (Eron), professor Iman Sarani (Xitoy, Tsinghua universiteti), doktor Jimbo Henri Klaver (Kamerun) hamda professor Inna Makarova (Rossiya) kabi ilmiy arboblarning chiqishlari tinglandi.
Ma’ruzalar davomida ishlab chiqarish xavfsizligini avtomatlashtirish, chiqindilardan qimmatbaho metallarni ajratish texnologiyasi, muhandislik ta’limini raqamlashtirish, mashina o‘rganish asosida energiya samaradorligini oshirish hamda oziq-ovqat sanoatida avtomatlashtirilgan nazorat tizimlarini joriy etish kabi mavzular atroflicha muhokama qilindi.
Ishtirokchilar muhandislikda tizimli fikrlash konsepsiyasining amaliy ahamiyatini, ishlab chiqarish jarayonlarida raqamli texnologiyalarni joriy etishning ijtimoiy-iqtisodiy foydalarini atroflicha muhokama etdilar.
Tadbir yakunida xorijiy universitetlar va ilmiy markazlar bilan hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalar va innovatsion tadqiqotlarni rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi.
Anjumanning ushbu sessiyasi muhandislik sohasida yangi g‘oyalarni ilgari surish, xalqaro tajriba almashuvini chuqurlashtirish hamda istiqboldagi texnologik hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratdi.
Xalqaro ilmiy-texnik anjuman ishtirokchilari taqdirlandi
Toshkent kimyo-texnologiya institutida bo‘lib o‘tgan “Muhandislik texnologiyalarida yechimlarni topishda tizimli fikrlash” xalqaro ilmiy-texnikaviy anjumani yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar va faxriy yorliqlar topshirildi.
Ikki kun davom etgan mazkur anjumanda 10 dan ortiq mamlakatdan 20 dan ziyod olim, sanoat mutaxassisi va yosh tadqiqotchilar o‘z ilmiy ishlanmalarini taqdim etdilar. Sho‘ba majlislari, poster taqdimotlari va ilmiy muhokamalarda faol ishtirok etgan eng yaxshi ma’ruzachilar tashkilotchilar tomonidan e’tirof etildi.
Yakuniy marosimda esdalik suratga tushish, xorijiy mehmonlar bilan iliq suhbat va hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Ushbu anjuman TKTI ilmiy jamoasi uchun xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi va kelgusida qo‘shma loyihalar, qo‘shma dasturlar va ilmiy tadqiqotlar uchun mustahkam asos yaratdi.
Ilmiy muloqot – do‘stona muhitda
Toshkent kimyo-texnologiya institutida o‘tayotgan “Muhandislik texnologiyalarida yechimlarni topishda tizimli fikrlash” xalqaro ilmiy-texnikaviy anjumani doirasida ishtirokchilar uchun qulay sharoitlar yaratildi.
Yalpi majlislar va sho‘ba sessiyalari oralig‘ida mehmonlar uchun kofe-brek tashkil etilib, ilmiy muloqotlar norasmiy muhitda davom ettirildi. Bu vaqt davomida olimlar o‘zaro tajriba almashib, yangi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Shuningdek, anjuman dasturiga muvofiq tushlik ham belgilangan bo‘lib, unda xorijiy va mahalliy ishtirokchilar o‘zaro fikr almashish, xalqaro ilmiy hamkorlikning amaliy jihatlarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Kofe-brek va tushlik jarayonlari mehmonlar o‘rtasida do‘stona muloqot, samimiy muhit va madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi.
Ilmiy sho‘balar: innovatsion yondashuv va yangi g‘oyalar markazida
Xalqaro ilmiy-texnikaviy anjumanning ikkinchi qismi institutda tashkil etilgan sho‘ba majlislari doirasida davom etdi.
Ishtirokchilar kimyo va neft-gaz sanoati, oziq-ovqat tizimlari va biotexnologiyalar, sanoat muhandisligi va boshqaruv, barqaror rivojlanish hamda yashil energiya yo‘nalishlarida olib borilgan tadqiqot natijalarini muhokama qildilar.
Sessiyalarda xorijiy va mahalliy olimlar — Venera Karimova (Rossiya, MGIMO), Narges Samanian (O‘zbekiston, TKTI), Antonio Marcomini (Italiya, Ka Foskari universiteti), Levdanskiy Aleksandr (Belorussiya), Kim Svetlana (Koreya), Aziza Maksudova (TKTI), Ulug‘bek Muinov (TKTI) va boshqa tadqiqotchilar o‘z ilmiy ishlanmalarini taqdim etdilar.
Ma’ruzalarda sun’iy intellektning oziq-ovqat mikrobiologiyasidagi qo‘llanilishi, ekologik muammolarga zamonaviy yondashuv, energiya tejamkor texnologiyalar, ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish hamda texnik tizimlarni modellashtirish bo‘yicha ilg‘or ilmiy natijalar muhokama qilindi.
Tadbir doirasida yosh olimlar va talabalar tomonidan tayyorlangan poster taqdimotlar ham namoyish etildi. Ular orasida texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish, chiqindisiz ishlab chiqarish va barqaror rivojlanish mavzularidagi ishlanmalar katta qiziqish uyg‘otdi.