Toshkent viloyati Piskent tumani 36-son umumiy o‘rta ta’lim maktabida tantanali bitiruv tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir yurtimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yosh avlodni barkamol shaxs etib tarbiyalash yo‘lidagi sa’y-harakatlar samarasi sifatida o‘quvchilarning muhim hayot bosqichini yakunlashiga bag‘ishlandi.
Tadbirda Toshkent kimyo-texnologiya instituti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori vazifasini bajaruvchi Shernayev Anvar Normamatovich, “Muhandislik asoslari va mehanika” kafedrasi mudiri Raximov Murodullo, maktab ma’muriyati, o‘qituvchilar, ota-onalar hamda bitiruvchi o‘quvchilar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida mehmonlar bitiruvchilarga o‘zlarining samimiy tabrik va ezgu tilaklarini bildirdilar. Yoshlar oldida turgan muhim vazifalar, vatanparvarlik, ilm-fan va kasb-hunar egallash, oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirish borasida muhim tavsiyalar berildi.
Institut rahbariyati tomonidan maktab kutubxonasiga va bitiruvchi o‘quvchilarga turli sohalarga oid badiiy va ilmiy kitoblar sovg‘a qilindi. Bu sovg‘alar yoshlarning bilimga bo‘lgan qiziqishini oshirish, mutolaaga bo‘lgan mehrini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, maktabning faol o‘quvchilari, eng yaxshi bitiruvchilar hamda o‘z mehnati bilan namunali natijalarga erishgan o‘qituvchilar faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir nihoyasida bitiruvchilar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar, raqslar va kuy-qo‘shiqlar namoyish etildi. Tantanali muhitda o‘tgan ushbu tadbir barcha ishtirokchilarga unutilmas taassurotlar qoldirdi.