2025-yil 2–5-iyul kunlari Toshkent kimyo-texnologiya institutida tayanch doktorantlar, doktorantlar va stajyor tadqiqotchilarning 2025-yil birinchi yarim yillik ilmiy faoliyati bo‘yicha monitoring jarayoni tashkil etildi.
Mazkur monitoring institut rektori B.Sh.Usmonov boshchiligida institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori v.v.b. A.N.Shernayev, “Doktorantura va ilmiy tadqiqotlar” bo‘limi boshlig‘i A.B.Kamolov, hamda kafedralar vakillaridan iborat komissiya a’zolari ishtirokida o‘tkazildi. Har bir fakultet bo‘yicha alohida kunlar belgilanib, monitoring jarayonlari institut rektorat binosidagi A.N/32 "Ichki monitoring" xonasida bo‘lib o‘tdi.
Monitoring quyidagi kunlarda amalga oshirildi:
2-iyul: Kimyoviy injiniring fakulteti
3-iyul: Neft va gaz texnologiyalari fakulteti
4-iyul: Sanoat muhandisligi va menejmenti fakulteti hamda fakultetlararo kafedralar
5-iyul: Oziq-ovqat va vinochilik texnologiyalari fakulteti
Monitoring davomida har bir ishtirokchi ilmiy faoliyati davomida amalga oshirgan ishlari yuzasidan qisqacha prezentatsiya ko‘rinishida chiqish qilib, hisobotlarini komissiya a'zolariga taqdim etdilar. Tanqidiy yondashuv asosida har bir taqdimot atroflicha muhokama qilinib, mavjud muammolar, yutuqlar va istiqboldagi rejalar yuzasidan tavsiyalar berildi.
Natijalar asosida komissiyalar tomonidan bayonnomalar tuzilib, umumlashtirilgan xulosa va takliflar ishlab chiqildi.
Ushbu monitoring jarayoni doktorantura tizimida shaffoflikni ta’minlash, ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish va izlanuvchilarning mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.