Toshkent kimyo-texnologiya institutida Institut Kengashining navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
2026-yil 6-yanvar kuni Toshkent kimyo-texnologiya institutida Institut Kengashining navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi tashkil etildi. Mazkur yig‘ilishda institut rektori, Kengash raisi Usmonov Botir Shukurillayevich boshchiligida soha prorektorlari, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar hamda Kengash a’zolari faol ishtirok etdilar.
Yig‘ilish avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yilgi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi. Murojaatnomada belgilangan ustuvor vazifalar, ta’lim-tarbiya, ilm-fan va ijtimoiy rivojlanishga oid dolzarb masalalar muhokama qilinib, soha prorektorlari hamda ijtimoiy-siyosiy fanlar kafedrasi mas’ullariga uning mazmun-mohiyatini barcha talabalarga keng yetkazish vazifasi yuklatildi.
Shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning institut professori G.Rahmonberdeyivga Yangi yil munosabati bilan yo'llagan tabrik nutqi o'qib eshittirilib samimiy muborakbod etildi.
Shundan so‘ng institut jamoasining ilmiy salohiyatini oshirish yo‘lida erishilgan yutuqlar e’tirof etilib, turli ilmiy darajaga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilarga tegishli guvohnomalar tantanali ravishda topshirildi.
Yig‘ilish davomida yana bir muhim yutuq qayd etildi. Institut 2025-yilgi UI GreenMetric “Yashil universitet” xalqaro reytingida 951-o‘ringa ko‘tarilib, o‘z natijasini sezilarli darajada yaxshiladi. Ta’kidlash joizki, institut 2024-yilda ushbu reytingda 1097-o‘rinni egallagan edi.
Mazkur natija institutda barqaror rivojlanish, ekologik mas’uliyat va “yashil” tashabbuslarni keng joriy etish borasida olib borilayotgan izchil ishlarning yaqqol samarasi ekanligi bilan ahamiyatlidir.
Kengash yig‘ilishi davomida institutda “ISO 37001:2016 — Korrupsiyaga qarshi kurashish boshqaruv tizimlari” xalqaro standarti joriy etilganligi munosabati bilan muhim voqea bo‘lib o‘tdi.
Menejment tizimlarini sertifikatlash idorasi “AVVISO CERT” MCHJ direktori Azimov Ravshan Shavkatovich tomonidan mazkur xalqaro standartga muvofiqlik sertifikati institut rektori Usmonov Botir Shukurillayevichga tantanali ravishda topshirildi.
Ushbu sertifikat institutda ochiqlik, shaffoflik, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat va zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish borasida olib borilayotgan izchil islohotlarning amaliy natijasi sifatida e’tirof etildi.
Shuningdek O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan taqdim etilgan tashakkurnomalari, O'zbekiston Yoshlar ittifoqining tashakkurnomalari hamda turli nominatsiyalarda yuqori natijalarga erishgan mas'ullar taqdirlandi.
Institut rektorining 2025-yil 21-oktabrdagi 350-sonli buyrug‘i asosida shakllantirilgan ekspertlar guruhi tomonidan 2025–2026 o‘quv yilining kuzgi semestrida institutda amalga oshirilgan ishlar tizimli ravishda o‘rganilib, chuqur tahlil qilindi.
Tahlillar quyidagi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab oldi:
-o‘quv jarayonining sifat va samaradorligini oshirish;
-professor-o‘qituvchilarning dars mashg‘ulotlarini tizimli tahlil qilish;
-ta’lim jarayonida pedagogik mahorat darslarini samarali tashkil etish.
2025-yil yakuniy natijalariga ko‘ra, Toshkent kimyo-texnologiya instituti Ta’lim sifati nazorati bo‘limi tomonidan tashkil etilgan mahorat darslari va ochiq darslar doirasida yuqoridagi yo‘nalishlarda faol ishtirok etgan professor-o‘qituvchilar ishchi guruh tavsiyasiga muvofiq quyidagi tartibda rag'batlantirildi.
Xususan:“Institutda o‘quv jarayonining sifat va samaradorligini oshirish hamda professor-o‘qituvchilarning dars mashg‘ulotlarini tizimli tahlil qilish” yo‘nalishidagi faol ishtiroki uchun 28 nafar professor-o‘qituvchi;“Ta’lim jarayonida pedagogik mahorat darslarini samarali tashkil etish” yo‘nalishidagi faol ishtiroki uchun 22 nafar professor-o‘qituvchi institut rahbariyatining TASHAKKURNOMAsi bilan taqdirlandi.