Toshkent kimyo-texnologiya institutida "WOMEN IN STEM 2026" IV xalqaro ilmiy haftaligi ochilish marosimi bo'lib o'tdi
2026-yil 13–17-fevral kunlari Toshkent kimyo-texnologiya institutida “Women in STEM – 2026” xalqaro ilmiy haftaligi hamda “Innovator ayollar: Ko‘plab ovoz — bitta kelajak” xalqaro ilmiy forumi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur nufuzli tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “O‘zkimyosanoat” AJ, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Respublika Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi huzuridagi Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti, Integral Universiteti (Hindiston) hamda Neofit Rilski Janubi-G'arbiy Universiteti (Bolgariya) hamkorligida tashkil etilgan “Women in STEM 2026” IV xalqaro ilmiy haftaligi ochilish marosimi Chirchiq kimyo-industrial texnoparki hududida joylashgan TKTI Ilg‘or muhandislik maktabi binosida bo'lib o'tdi.
Forumning bosh maqsadi — fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) yo‘nalishlarida ayollar ishtirokini kengaytirish, ularning ilmiy-innovatsion salohiyatini ro‘yobga chiqarish, xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash hamda yosh avlodni yuqori texnologiyalar sohasiga keng jalb etishdan iborat. Tadbir doirasida yalpi majlislar, sho‘ba sessiyalari, ilmiy taqdimotlar, seminar va mahorat darslari, startap loyihalar namoyishi hamda maktab o‘quvchi qizlari uchun maxsus amaliy uchrashuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Forumning ochilish marosimi avvalida ishtirokchilarga "Lazera-shou" taqdim etildi.
Xalqaro Forumni Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Usmonov Botir Shukurillayevich kirish so'zi bilan ochib berdi hamda barcha ishtirokchilarga o'z tabrigini yo'lladilar.
Shundan so'ng dunyo miqyosida kimyo-texnologiya yo'nalishlarida yuqori marralarga erishgan olima ayollar hamda olima bo'lish yo'lidan ketayotgan institutimiz ayol professor-o'qituvchilari va talaba-qizlar haqida tayyorlangan video-film namoyish etildi.
Toshkent kimyo-texnologiya institutida o‘tkazilayotgan “Women in STEM – 2026” xalqaro ilmiy forumining ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari, ilmiy muassasalar hamda sanoat vakillari ishtirok etib, ayollarning ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi o‘rnini mustahkamlash, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda STEM yo‘nalishlarida faolligini oshirishga qaratilgan dolzarb masalalar yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Xususan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Kulbekova Nasiba Zakirovna o‘z nutqida ayollarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, ularning ta’lim olish va ilmiy izlanishlar olib borishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.
“Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki direktori Muxamedov Jasur Davronovich esa ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda yosh olima-qizlarning sanoat bilan hamkorlikda faoliyat yuritishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganiga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, Respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti direktor o‘rinbosari Musurmanova Oynisa Musurmanovna gender tengligini ta’minlash, ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish hamda ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ilmiy va amaliy tashabbuslarning ahamiyatini yoritib berdi.
“O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi maslahatchisi Abduraxmanova Sanobar Maxammadaminovna esa kimyo sanoatida malakali ayol mutaxassislar safini kengaytirish, ularning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va innovatsion iqtisodiyot taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishini ta’minlash bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanini qayd etdi.
Forum doirasida ilgari surilayotgan tashabbuslar ayollarning ilmiy-innovatsion salohiyatini ro‘yobga chiqarish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda yosh qizlarni yuqori texnologiyalar va zamonaviy kasblar sari ruhlantirishga xizmat qilmoqda. Mazkur nufuzli anjuman ilm-fan, ta’lim va sanoat integratsiyasini mustahkamlovchi, barqaror rivojlanish maqsadlariga xizmat qiluvchi muhim platforma sifatida e’tirof etilmoqda.
“Innovator ayollar: Ko‘plab ovoz — bitta kelajak” xalqaro ilmiy forumi yalpi majlisi
“Women in STEM – 2026” haftaligi doirasida “Innovator ayollar: Ko‘plab ovoz — bitta kelajak” mavzusidagi xalqaro ilmiy forumning yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda ilmiy taqdimotlar, amaliy ishlanmalar va dolzarb muammolar yuzasidan keng qamrovli muhokamalar tashkil etildi.
Yalpi majlisda quyidagi ma’ruzachilar o‘z ilmiy taqdimotlari bilan ishtirok etdilar:
Ashirova Xumoroy Kamaldjanovna – Toshkent shahridagi Prezident maktabi ijrochi direktori
Mavzu: “Women Innovators: Many voices and one shared future”.
Zulfiya Černochová – Chexiya Fanlar akademiyasi Makromolekulyar kimyo instituti PhD olimasi
Mavzu: Low-fouling polybetaine va HPMA brushlarning samarali zaryadi.
Tursunova Dilnoza – Toshkent kimyo-texnologiya instituti doktoranti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendianti (2024, 2026)
Mavzu: Tovuq patlaridan kimyoviy gidroliz orqali funksional keratin gidrolizatini olish va uni biologik parchalanadigan materiallar sintezida qo‘llash.
Igamberdiyeva Aziza Abdurashitovna – Profi universiteti PhD tadqiqotchisi
Mavzu: Inklyuziv ta’limda maktabgacha yoshdagi bolalarni maktabga tayyorlash metodikasini takomillashtirish.
Kuchkarova Zebo – NEKOV ixtisoslashtirilgan maktabi o‘quvchisi
Mavzu: O‘zbekistonda nobelistika rivojlanish asoslari.
Axatova Moxira Asatovna – “Navoiyazot” AJ Innovatsiya va mahalliylashtirish bo‘limi muhandis-texnologi
Mavzu: Kaliyli o‘g‘itlar ishlab chiqarishda chiqindi sulfat kislotadan foydalanishning texnologik tamoyillari.
Mazkur yalpi majlis ilm-fan, ta’lim va sanoat integratsiyasini mustahkamlash, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda yosh avlodni tadqiqotchilik faoliyatiga keng jalb etish yo‘lida muhim ilmiy muloqot maydoniga aylandi.
“Women in STEM – 2026” doirasida muhim hamkorlik memorandumlari imzolandi
Toshkent kimyo-texnologiya institutida o‘tkazilayotgan “Women in STEM – 2026” xalqaro ilmiy haftaligi doirasida ta’lim, ilm-fan va xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishildi.
Xususan, Toshkent shahar Prezident maktabi hamda Toshkent kimyo-texnologiya instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat iqtidorli o‘quvchi-qizlarni ilm-fanga keng jalb etish, ularning tadqiqotchilik salohiyatini rivojlantirish hamda uzluksiz ta’lim integratsiyasini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, Toshkent kimyo-texnologiya instituti hamda Hindistonning Integral universiteti o‘rtasida “Women in STEM” loyihasi doirasida yana bir muhim hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu kelishuv ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda ayollarning STEM yo‘nalishlaridagi ishtirokini xalqaro miqyosda qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.
Mazkur hamkorliklar ayollarning ilm-fan va texnologiya sohasidagi faolligini oshirish, yangi ta’lim va tadqiqot imkoniyatlarini yaratish hamda ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
“Women in STEM – 2026” forumi doirasida madaniy chiqishlar va taqdirlash marosimlari bo‘lib o‘tdi
Toshkent kimyo-texnologiya institutida o‘tkazilayotgan “Women in STEM – 2026” xalqaro ilmiy forumi nafaqat ilmiy muloqot va innovatsion g‘oyalar maydoni, balki yuksak ma’naviy-madaniy muhitni aks ettirgan mazmunli tadbirlar bilan ham boyitildi. Forum dasturi doirasida milliy va zamonaviy ruhdagi madaniy chiqishlar, ijodiy sahna ko‘rinishlari hamda ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashgan badiiy dasturlar namoyish etildi.
Shuningdek, ilm-fan va ta’lim sohasida faol ishtirok etib kelayotgan olima ayollar, yosh tadqiqotchilar hamda tashabbuskor ishtirokchilar taqdirlash marosimida e’tirof etilib, ularga esdalik sovg‘alari va sertifikatlar topshirildi. Bu e’tirof ularning ilmiy izlanishlari va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, kelgusidagi faoliyatiga yangi ruh va motivatsiya bag‘ishlashga xizmat qildi.
“Women in STEM – 2026” xalqaro ilmiy forumi ilm-fan, ta’lim va sanoat integratsiyasini mustahkamlash, ayollarning innovatsion faoliyatdagi o‘rnini kengaytirish hamda kelajak avlodni yuqori texnologiyalar sari ilhomlantirishga xizmat qiluvchi muhim maydon bo‘lib qolmoqda. Forum davomida ilgari surilayotgan ilmiy g‘oyalar va hamkorlik tashabbuslari nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqada STEM yo‘nalishlari rivojiga sezilarli hissa qo‘shishi kutilmoqda.
“Women in STEM – 2026” forumi OAV nigohida
Toshkent kimyo-texnologiya institutida o‘tkazilayotgan “Women in STEM – 2026” xalqaro ilmiy forumi ommaviy axborot vositalari tomonidan keng yoritilmoqda. Nufuzli forum doirasida bo‘lib o‘tayotgan ilmiy sessiyalar, xalqaro hamkorlik uchrashuvlari, innovatsion taqdimotlar hamda madaniy-ma’rifiy tadbirlar jurnalistlar e’tibor markazida bo‘ldi.
Mahalliy va xorijiy OAV vakillari forum jarayonini bevosita kuzatib, ayollarning ilm-fan va texnologiyalar sohasidagi o‘rni, yosh qizlarni STEM yo‘nalishlariga jalb etish bo‘yicha ilgari surilayotgan tashabbuslar hamda imzolanayotgan hamkorlik memorandumlarining ahamiyati haqida keng jamoatchilikka tezkor va xolis axborot yetkazmoqda.
Forum doirasidagi ochiq muloqotlar, ilmiy yutuqlar va innovatsion g‘oyalar OAV orqali keng targ‘ib qilinayotgani mazkur nufuzli tadbirning nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosda ham katta qiziqish uyg‘otayotganidan dalolat beradi.
“Women in STEM – 2026” xalqaro ilmiy forumi ilm-fan, ta’lim va sanoat integratsiyasini mustahkamlash, ayollarning innovatsion faoliyatdagi o‘rnini kengaytirish hamda kelajak avlodni yuqori texnologiyalar sari ilhomlantirishga xizmat qiluvchi muhim maydon bo‘lib qolmoqda.
“STEM kelajak yulduzlari” davra suhbati – yoshlar uchun ilhom va imkoniyatlar maydoni
“Women in STEM – 2026” xalqaro ilmiy forumi doirasida tadbirning ikkinchi qismi sifatida “STEM kelajak yulduzlari” mavzusidagi davra suhbati tashkil etildi. Mazkur uchrashuvda Toshkent kimyo-texnologiya instituti qoshidagi akademik litsey, Toshkent shahridagi Prezident maktabi, shuningdek Toshkent va Chirchiq shaharlari umumta’lim maktablarining 9–11-sinf qiz o‘quvchilari, ularning o‘qituvchilari hamda xalqaro va akademik hamkor universitetlar vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatining ochilish qismida Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori, professor Usmonov Botir Shukurillayevich so‘zga chiqib, yosh qizlarni ilm-fan va zamonaviy texnologiyalar sohasiga keng jalb etish, ularning iqtidorini qo‘llab-quvvatlash hamda kelajakda raqobatbardosh mutaxassislar etib voyaga yetkazish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.
Mazkur davra suhbati yoshlarning STEM yo‘nalishlariga qiziqishini oshirish, ularni ilmiy izlanishlarga ruhlantirish hamda ta’lim va innovatsiyalar uyg‘unligini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim muloqot maydoniga aylandi.
Amaliy seminar-treninglar davomida yoshlar jamoaviy ishlash ko‘nikmalari, muammoli vaziyatlarga yechim topish, innovatsion fikrlash hamda ilmiy loyihalarni shakllantirish bo‘yicha muhim tavsiyalar oldilar. Mutaxassislar tomonidan berilgan yo‘riqnoma va motivatsion chiqishlar ishtirokchilarning kelgusida ilm-fan va texnologiyalar sohasida faol bo‘lishiga kuchli turtki berdi.
Shuningdek, tadbir jarayonida qizlarning qiziqishlari, orzu-maqsadlari va kelajak rejalari muhokama qilinib, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslar ilgari surildi. Bu esa ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar va sanoat korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Mazkur davra suhbatining davomiy qismi yosh avlodni STEM yo‘nalishlariga keng jalb etish, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish hamda ilmiy-innovatsion tafakkurini rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
“Innovator ayollar: Ko‘plab ovoz — bitta kelajak” forumi sho‘ba majlisi ilmiy muhokamalar bilan davom etdi
“Women in STEM – 2026” xalqaro ilmiy forumi doirasida kunning ikkinchi yarmida “Innovator ayollar: Ko‘plab ovoz — bitta kelajak” mavzusidagi sho‘ba majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda ilmiy taqdimotlar, amaliy ishlanmalar hamda dolzarb ilmiy yo‘nalishlar yuzasidan keng qamrovli muhokamalar tashkil etildi.
Sho‘ba majlisida bir qator mahalliy va xorijiy olimlar hamda sanoat mutaxassislari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar:
Nargiza Mirxaitova – “Maxam-Chirchiq” AJ
Mavzu: Vannadiyli katalizator.
Mohammad Ashfaque – Integral universiteti dotsenti, PhD (Hindiston)
Mavzu: Lignotsellyuloza biomassa asosida barqaror ikkinchi avlod bioetanol ishlab chiqarishning bioprosessing texnologiyalari.
Kadirniyazova Shoira Ajiniyazovna – Toshkent kimyo-texnologiya instituti magistranti
Mavzu: Stomatologiya uchun metall-keramik kompozitsiyalar ishlab chiqarish.
Eid Kamel – Qatar universiteti Gazni qayta ishlash markazi professori, PhD (Qatar).
Akramova Shaxnoza Abrorovna – O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, pedagogika fanlari doktori, professor
Mavzu: Harbiy xizmatchilar kasbiy tayyorgarligida STEAM ta’lim imkoniyatlari.
Jamal Akhtar Ansari – Integral universiteti dotsenti, PhD (Hindiston)
Mavzu: Dori vositalarini yaratishda tabiiy mahsulotlar va an’anaviy bilimlarning o‘rni.
Mexrinigori Bulbulnazar – Tojikiston texnologiya universiteti (onlayn)
Mavzu: Shaharlar ekologik muammolari.
Mazkur sho‘ba majlisi ilm-fanning turli yo‘nalishlarini qamrab olgan dolzarb tadqiqotlar, innovatsion yondashuvlar hamda xalqaro ilmiy hamkorlik imkoniyatlarini keng muhokama qilish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi. Forum doirasida ilgari surilayotgan ilmiy g‘oyalar ayollarning STEM sohalaridagi faolligini oshirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish hamda barqaror taraqqiyotga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.