Yig‘ilishda institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori B.N. Boborajabov, tegishli bo‘lim rahbarlari, fakultetlar Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari hamda tyutorlar ishtirok etdilar.
Yig‘ilish davomida quyidagi masalalar muhokama qilindi:
1. “Dolzarb 90 kunlik” oyi doirasida amalga oshiriladigan vazifalarni samarali tashkil etish;
2. 2025/2026-o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha chora-tadbirlar;
3. Talabalar turar joylarini tayyorlash hamda ijaraga beriladigan xavfsiz va qulay xonadonlarni aniqlash bo‘yicha amaliy ishlarni kuchaytirish.
Yig’ilishda “Dolzarb 90 kun” doirasida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy loyihalar, ayniqsa, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar muhokama qilindi. Tadbirlar doirasidagi faoliyatlarni faqat institut talabalari bilan cheklab qolmasdan, mahalla yoshlari, umumta'lim maktablarida ta'lim olayotgan o‘quvchilarni ham keng qamrab olish, ularda bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shundan so‘ng, Registrator ofisi direktori U.Kadirov tomonidan 149-sonli hukumat qarorida belgilangan vazifalarning institut miqyosida amalga oshirilishi yuzasidan batafsil axborot berildi. Jumladan, talabalarning ijtimoiy faolligini baholash maqsadida tashkil etilgan grant.tkti.uz platformasining funksional imkoniyatlari tanishtirildi.
Ushbu platforma orqali talabalar tomonidan amalga oshirilgan jamoat ishlari, ijtimoiy loyihalardagi ishtirok, fan, sport va madaniyat sohalaridagi yutuqlar muntazam qayd etilib, ijtimoiy faollik indeksi shakllantiriladi. Yig‘ilishda bu mexanizmning ochiqligi va adolatliligini ta’minlash yuzasidan bir qator taklif va fikrlar bildirildi.
Mazkur uchrashuv institutda olib borilayotgan islohotlarning izchilligini, talabalar manfaatlarini e’tiborda tutgan holda, ta’lim jarayonini yanada takomillashtirishga xizmat qiladigan muhim qadam bo‘ldi.