Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori texnika va pedagogika fanlari doktori, professor Botir Shukurillayevich Usmonov Vengriyaning texnika sohasidagi eng nufuzli oliy ta'lim muassasasi Obuda universiteti "Faxriy professori" unvoni bilan taqdirlandi.
Botir Shukurillayevich Usmonovning Obuda universiteti va Toshkent kimyo-texnologiya instituti o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarni chuqurlashtirishda qo'shgan ulkan hissasi, ikki universitet hamkorligidagi birinchi vengriya-o'zbek innovatsion texnoparkini tashkil etish ustida olib borayotgan amaliy ishlari alohida e'tirof etildi.
B.Sh.Usmonov 1993-yil Qozon davlat texnika universitetini, 1999-yil Hindistonning Andra universitetini (Magistratura), 2001-yil Germaniyaning Gamburg-Xarburg texnika universitetini (Magistratura) tamomlgan. 1999-yilda texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan. 2007-yilda Janubiy Koreyaning Konkuk universitetida professor lavozimida faoliyat yuritgan. 2021-yili pedagogika fanlari doktori, 2023-yili texnika fanlari doktori unvonlarini qo‘lga kiritgan. Turon fanlar akademiyasining akademigi. Nufuzli xalqaro tashkilotlar a'zosi, ta'lim, ilm-fan sohasida ulkan tajribaga ega yetakchi o'zbek olimi, xalqaro ekspert.