2024-yil 14-dekabr kuni Toshkent kimyo-texnologiya instituti muhim uchrashuvlardan biriga mezbonlik qildi. Germaniyaning innovatsion texnologiyalar va ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi Bridge-Hub kompaniyasi vakillari — Abduvaliyeva Dinara va Alexandr Felk institutga tashrif buyurishdi. Uchrashuvda Toshkent kimyo-texnologiya instituti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektor X.L.Pulatov, Iqtisodiy va tashkiliy masalalar bo'yicha prorektori B.B.Qodirov, Xalqarolashtirish va transformatsiya departamenti boshlig'i Z.A.Babaxanovalar ishtirok etishdi
Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalar va muhandislik sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, qo‘shma laboratoriya va muhandislik maktabini tashkil etish tashabbusi ko‘tarildi. Bu maktab talabalarga va yosh olimlarga Germaniya tajribasini o‘rganish hamda ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash imkonini beradi.
Shuningdek, uchrashuvda, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun malaka oshirish kurslari tashkil etish, ilmiy tadqiqotlarni xalqaro darajada o‘tkazish, Bridge-Hub kompaniyasining zamonaviy texnologik innovatsiyalarini o‘zbek ilmiy markazlariga joriy qilish kabi masalalar muhokama qilindi.
Bridge-Hub — Germaniyada joylashgan va ilm-fan hamda ishlab chiqarish jarayonlarini bog‘lashga ixtisoslashgan kompaniya bo‘lib, dunyo miqyosida ko‘plab muvaffaqiyatli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. U ilmiy innovatsiyalarni keng ko‘lamda joriy etish, shuningdek, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash borasida katta tajribaga ega. Mazkur uchrashuv Toshkent kimyo-texnologiya institutining xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan strategiyasining muhim qismi hisoblanadi.
Toshkent kimyo-texnologiya institutining “Oziq-ovqat va parfyumeriya-kosmetika mahsulotlari texnologiyasi” kafedrasida S. Seyfullin nomidagi Qozog‘iston agrotexnika universiteti professor-o‘qituvchilari uchun 72 soatlik malaka oshirish kurslari boshlandi.
6-dekabr kuni mazkur ilmiy stajirovkaning birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Toshkent kimyo-texnologiya instituti Xalqaro aloqalar va transformatsiya departamenti boshlig‘i Z. Babaxonova, “Oziq-ovqat va parfyumeriya-kosmetika mahsulotlari texnologiyasi” kafedrasi professori G.Djaxangirova ishtirok etdi. Shuningdek, S.Seyfullin nomidagi Qozog‘iston agrotexnika universitetidan texnika fanlari nomzodi, professor, “Oziq-ovqat va qayta ishlash sanoati texnologiyasi” kafedrasi mudiri Kakimov Muxtarbek Muxanovich, katta o‘qituvchi S.D.Tokaev, o‘quv ishlari bo‘yicha dekan o'rinbosari B.M Isakov hamda doktorant B.T Rizayev qatnashdi.
Malaka oshirish kurslari 4–13 dekabr kunlari davom etadi va ularning doirasida turli mavzularda master-klass darslari o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbir ikki tomonlama ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Tadbir davomida professor-o‘qituvchilar o‘zaro fikr almashib, dolzarb ilmiy masalalar yuzasidan kelgusida qo‘shma loyihalar amalga oshirish rejalari bilan o‘rtoqlashdilar. Bu kabi dasturlar ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Joriy yilning 10-dekabridan Toshkent kimyo-texnologiya institutining “Oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligi” kafedrasida S. Seyfullin nomidagi Qozog‘iston agrotexnika universiteti professor-o‘qituvchilari uchun 144 soatlik malaka oshirish kurslari boshlandi. Mazkur dastur doirasida ilmiy stajirovkaning ilk yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Toshkent kimyo-texnologiya instituti Xalqarolashtirish va transformatsiya departamenti boshlig‘i Z.Babaxonova, “Oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligi” kafedrasi professor-o‘qituvchilari, shuningdek, Qozog‘iston agrotexnika universitetining Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini kafedrasi mudiri Adilbekov Janat Shabanbayevich, ushbu kafedraning v.v.b professori Baldji Yuriy Aleksandrovich va “Ovchilik va baliqchilik” kafedrasi mudiri Abubakirova Guljan Amanjolovna ishtirok etishdi.
Malaka oshirish kurslari davomida 10-15 dekabr kunlari master-klass darslari tashkil etildi. Kafedra mudiri E.Sh.Sanayev boshchiligida professor-o‘qituvchilar institutning Spin-OFF laboratoriyasi faoliyati bilan tanishib, ilmiy ishlanmalarga qiziqish bildirishdi. Kelgusida ilmiy kadrlar almashinuvi bo‘yicha memorandum imzolash yuzasidan kelishuvga erishildi.
Kurs doirasida professor-o‘qituvchilar hamkor ishlab chiqarish korxonalari — “Krafers” MChJ va “Promed” MChJga tashrif buyurib, institut doktorantlarining ilmiy ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Mazkur tadbir Toshkent kimyo-texnologiya instituti va S.Seyfullin nomidagi Qozog‘iston agrotexnika universiteti o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.