Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Caspian Capital Group kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi

 2025-yilning 29-yanvar kuni Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Usmonov Botir Shukurillayevich Ozarbayjon Caspian Capital Group kompaniyasining ta’sischisi Poshayev Elxan Posha o‘g‘lini qabul qildi. Ushbu uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik aloqalari muhokama qilindi. 

Xusuan, Toshkent kimyo-texnologiya instituti bazasida Ozarbayjonning Caspian Capital Group kompaniyasi xomiyligida vino ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, Xovrenko nomidagi Samarqand vino kombinati aksiyadorlik jamiyatida Toshkent kimyo-texnologiya instituti talabalari uchun 3+1 ta’lim shaklida dual ta’lim tizimi joriy etiladi.  

 Vinochilik va uzumchilik sohasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni yangi standartlar (GOST, ISO) talablari asosida joriy qilish, kadrlar tayyorlash hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan muzokaralar olib borish rejalashtirilgan. Shuningdek, sohadagi mutaxassislar uchun forumlar va master-klasslar tashkil etiladi.  

Caspian Capital Group kompaniyasining Naiqin Co "Tovuz-Baltiya" MMC.BAS shirkati bilan hamkorlikda Xovrenko nomidagi Vinochilik Akademiyasi tashkil etilib, ishlab chiqarish korxonalari xodimlari o‘qitiladi va sertifikat beriladi. Ozarbayjon kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda yangi vinobob uzum navlarini yaratish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish ham rejalashtirilgan.  

TKTIning vinochilik texnologiyasi yo‘nalishi 4-bosqich talabalari uchun Xovrenko nomidagi Samarqand vino kombinatida bitiruv oldi amaliyoti tashkil etilib, zavod qoshida yotoqxona tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Talabalarni Ozarbayjonning Tovuz konyak ishlab chiqarish korxonasida pullik qisqa muddatli amaliyotga yuborish va Enologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilarini Caspian Capital Group mablag‘lari hisobidan stajirovkaga jo‘natish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bundan tashqari institutimizda Xorvenko nomidagi Vinochilik akademiyasini tashkil etishga ham kelishib olindi.

Shuningdek, tarixiy vinochilik an’analarini tiklash maqsadida Xovrenko nomidagi zavodda vinochilik turizmini tashkil etish va uni keng ommaga targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi. Ushbu hamkorlik kelajakda Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Caspian Capital Group kompaniyasining o‘zaro aloqalarini chuqurlashtirish va vinochilik sohasini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.