2025-yilning 13-iyun sanasida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Toshkent kimyo-texnologiya instituti hamkorlikda dolzarb 90 kunlik doirasida “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash – kelajak avlodning poydevori” mavzusida yirik yoshlar festivali tashkil etildi.
Unda institutimiz rektori Usmonov Botir Shukurillayevich boshchiligida, institut rahbariyati, fakultet dekanlari, professor-o'qituvchilar, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi. Shuningdek tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining namunali harbiy orkestri, Maxsus avariya tiklash boshqarmasining “Impuls” ansambli, Qurolli Kuchlar akademiyasining faxriy qorovul vzvodi hamda Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining qo‘l jangi guruhi ishtirok etdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi davlat mahdiyasi yangradi. Madhiya kuyini Mudofaa vazirligining namunali harbiy orkestri ijro etdi.
Shundan so'ng institut rektori B.Sh.Usmonov so'zga chiqib dolzarb 90 kunlik doirasida “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash – kelajak avlodning poydevori” mavzusidagi tadbirni kirish so'zi bilan ochib berdi.
Tadbir davomida Mudofaa vazirligining namunali harbiy orkestri, Qurolli Kuchlar akademiyasining faxriy qorovul vzvodi hamda Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining qo‘l jangi guruhi tomonidan jonli va ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.
Bu chiqishlar yoshlar qalbida milliy g‘urur, jasorat va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Maxsus avariya tiklash boshqarmasining “Impuls” ansambli tomonidan ijro etilgan kuy va qoʻshiqlar tadbirga oʻzgacha kayfiyat baxsh etdi.
Yuqori saviyada ijro etilgan musiqiy chiqishlar ishtirokchilarda ko‘tarinki ruh uyg‘otib, tadbir raqslarga ulanib ketdi.
Bunday quvonchli lahzalar yoshlarga iliq xotiralar va unutilmas taassurotlar bag‘ishladi.
Tadbir doirasida shuningdek sport musobaqalari, vatanparvarlikka oid viktorinalar, musiqiy dasturlar va interaktiv loyihalar ham o‘tkazildi. Festival yakunida faol ishtirokchilar, sport bellashuvlari g‘oliblari va tashabbuskor yoshlar institut rahbariyati tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek Oʻzbekiston mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkurafiy ishlar boʻyicha vazir oʻrinbosari general-mayor Qarshiyev Hamdam Aliqulovich “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash – kelajak avlodning poydevori” mavzusida yirik yoshlar festivalini yuqori saviyada tashkillashtirishdagi ko'magi uchun instituti rektori tomonidan tashakkurnoma hamda esdalik sovg'alar bilan taqdirlandi.
Bu kabi tadbirlar nafaqat yoshlar orasida ijobiy kayfiyat yaratadi, balki ularni jamiyatga foydali shaxslar sifatida shakllantirish, Vatanga sadoqatli bo‘lish, o‘z milliy qadriyatlariga hurmat bilan yondashishga undashda muhim rol o‘ynaydi.
Toshkent kimyo-texnologiya instituti kelgusida ham yoshlar bilan ishlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va salohiyatini yuzaga chiqarish bo‘yicha izchil ishlashni davom ettiradi.