Toshkent kimyo-texnologiya instituti “O‘zbek tili va professional ta'lim” kafedrasi dotsenti G.N.Tavaldiyeva 2023-yil 9-13-noyabr kunlari Qirg‘iz Respublikasi O‘sh Davlat universitetida filologiya ta'limi sohasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va tajriba almashish maqsadida xizmat safarida bo‘ldi.
G.N.Tavaldiyeva Toshkent kimyo-texnologiya institutining O‘shDU bilan xalqaro aloqalar bo‘yicha koordinatori sifatida institutimiz xalqaro hamkorligi doirasida berilgan topshirig‘i yuzasidan 9-noyabr kuni O‘shDU Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Abduvaliyev Abdigani Osmonovich bilan suhbatlashdi hamda ikki oliy o‘quv yurti o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha tuziladigan Memorandumni tasdiqlash uchun topshirdi.
Shu bilan birga, G.N.Tavaldieva “Science Uzbekistan” Turkiya-O‘zbekiston xalqaro ilmiy hamkorlik loyihasi bo‘yicha O‘shDU Ilmiy ishlar prorektori Arapbayev Ruslanbek Nurmamatovich bilan suhbatlashdi. U 2024-yil mart oyida TKTI da o‘tkaziladigan “3-xalqaro Zamonaviy bilimlar Kongressi”da O‘shDUni hamkor OTM sifatida qatnashishiga kelishdi. Shu bilan birga, R.N.Arapbayev O‘shDUning hozirda Rossiya ilmiy iqtiboslar indeksi (RINS) da indekslanib borayotgan, tabiiy, gumanitar, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa fanlar sohasidagi maqolalarni chop etuvchi xalqaro ko‘p tarmoqli “O‘shDU xabarlari” («Vestnik OshGU») jurnali haqida ma'lumot berdi.
Jurnalning qishloq xo‘jaligi sohasida: agronomiya, veterinariya va zootexnika masalalari; Filologiya masalalari; Sharqshunoslik masalalari; tarix masalalari; Huquq masalalari; Kimyo, biologiya, geografiya fanlari masalalari; Matematika, fizika, texnika fanlari masalalari; Pedagogika, psixologiya masalalari; Iqtisodiyot masalalari; Tibbiyot masalalari bo‘yicha alohida-alohida sonlari nashrdan chiqariladi va tegishli sohalaridagi ilmiy ishlarning asosiy natijalari sifatli va o‘z vaqtida yoritiladi. R.N.Arapbaev o‘z so‘zida ikki O‘TM professor-o‘qituvchilarining ilmiy ishlariga iqtibos darajasini oshirishda OshDU ilmiy jurnalidan ham foydalanish mumkinligini ta'kidladi.
Jurnalda chop etilgan maqolalar metama'lumotlari CrossRef-da ro‘yxatdan o‘tadi va har bir muallifning maqolasiga DOI - raqamli obyekt identifikatori tayinlanadi va u iqtibos, havolalar va elektron hujjatlarga kirish uchun ishlatiladi. Jurnal materiallarining elektron versiyalari jurnal.oshsu.kg/index.php/vestnik, www.e-library.ru saytlarida ochiq holda joylashtiriladi.
Shundan so‘ng Tavaldiyeva G.N. O‘shDUning Filologiya fakultetiga tashrif buyurib, u yerda Rus filologiyasi fakulteti dekani, filologiya fanlari doktori, professor G.A.Madmarova, “Rus tili va adabiyotini o‘qitish metodikasi” kafedrasi mudiri N.X.Bekmuxamedova, Qirg‘iz filologiyasi va jurnalistikasi fakulteti dekani filologiya fanlari nomzodi, dotsent N.O.Turganbayev, fakultetlararo “Qirg‘iz tili” kafedrasi mudiri dotsent Z.J.Karazakovalar bilan sohaga oid hamkorlik, til o‘qitish bo‘yicha tajriba almashish to‘g‘risida suhbatlashdi. 2018-yil 6-aprelda “Kыrgыz tili ilimi”, “Методика обучения русского языка и литературы” hamda “Практический курс русского языка и культуры речи” kafedralari bilan tuzilgan hamkorlik maqsadlarini yanada kengaytirish va rivojlantirish uchun aniq rejalar tuzildi.
G.Tavaldieva O‘shDUning Qirg‘iz filologiyasi va jurnalistikasi fakulteti qoshida ochilgan “O‘zbek tili va adabiyoti” markaziga ham tashrif buyurdi, u yerda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi hamda kelajakda markaz bilan ham aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun kelishildi.