Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent kimyo-texnologiya instituti vakillari IREG 2023 konferensiyasida ishtirok etmoqda

Unda “Times Nigher Education”, “QS”, “Webometrics” kabi dunyoning nufuzli xalqaro reyting tashkilotlari rahbarlari, Kanada, Braziliya, Germaniya, Niderlandiya, Vengriya, Ruminiya, Polsha, Xitoy, Singapur, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Qatar, BAA, Qozogʻiston va Oʻzbekiston universitetlarining rektorlari, ekspertlardan iborat jami 100 nafarga yaqin qatnashchi ishtirok etmoqda.




Qayd etish joizki mazkur tadbirning o‘tkazilishi O‘zbekiston yetakchi oliy ta’lim muassasalarining nufuzli xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlardan joy olishi hamda xalqaro reyting tashkilotlarining rahbarlari va ekspertlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatishga xizmat qiladi.



Anjumanda dastlab, mamlakatimizda oliy ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarning asosiy jihatlariga to‘xtalindi. So‘nggi besh yil ichida respublikamizda 80 dan ortiq yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 200dan oshgani, shulardan 32 tasi chet el universitetlarining O‘zbekistondagi filiallari va universitetlari, shuningdek 60 dan ortig‘i xususiy universitetlar ekani ta’kidlandi. Qayd etilganidek, bugungi kunda yurtimizda AQSh, Buyuk Britaniya, Italiya, Koreya Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Hindiston, Singapur va boshqa mamlakatlarning universitetlari filiallari mavjud.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, 2026-yilga qadar mamlakatimizning 10 ta salohiyatli oliy ta’lim muassasasini QS va Times Higher Education xalqaro reytinglariga kiritish bo‘yicha qator amaliy ishlar olib borilayotgani haqida so‘z borib, mazkur xalqaro anjuman ham bu ishlarni yanada jonlantirishga xizmat qilishi tilga olindi.