2024-yil 18-noyabr kuni Toshkent kimyo-texnologiya institutiga Ozarbayjon Respublikasidan bir guruh ta’lim muassasalari rahbarlari va tadbirkorlar tashrif buyurdi. Tashrif davomida mehmonlarga institutning o‘quv va ilmiy salohiyati, xalqaro hamkorlik faoliyati hamda qo‘shma loyihalari haqida batafsil axborot berildi.
Toshkent kimyo-texnologiya instituti Xalqaro hamkorlik va protokol bo‘limi boshlig‘i Saidumarxon Saidahmadov delegatsiya a’zolariga institutning xalqaro maydondagi faoliyati va muvaffaqiyatli loyihalari haqida taqdimot o‘tkazdi. Shuningdek, institutning Korxona va sanoat tarmoqlari departamenti boshlig‘i A.N.Shernaev ishlab chiqarish korxonalari bilan olib borilayotgan hamkorlik ishlari xususida batafsil ma’lumot berdi, shuningdek tashrif buyuruvchilarga kelgusida rejalashtirilayotgan xalqaro kongress va konferensiyalarda faol ishtirok etishlarini taklif qildi.
Tashrif davomida institut qoshidagi “Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish” tarmoq markazi direktori X. Mirzaqulov malaka oshirish kurslari to‘g‘risida batafsil axborot berdi. Mehmonlar ushbu kurslar doirasida taqdim etilayotgan zamonaviy ta’lim yondashuvlari va ilg‘or pedagogik uslublar bilan tanishdilar.
Bundan tashqari, tadbirlar doirasida “O‘zbekistonda ta’limning innovatsion usullari va ta’lim muassasalarida boshqaruv tizimlari” mavzusida maxsus malaka oshirish darslari tashkil etildi. Darslarda ishtirok etgan delegatsiya vakillariga tegishli sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Mazkur tashrif ikki davlat ta’lim tizimlari o‘rtasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda muhim qadam bo‘ldi.