Ma'lumki, 2024-yil 16-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-158-sonli Farmoni qabul qilingan edi. Ushbu Farmon ijrosini ta’minlash va Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektorining 2024-yil 8-noyabrdagi buyrug‘ida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida 2024-yil 2-dekabr kuni institutga biriktirilgan texnikumlar rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent kimyo-texnologiya instituti Akademik faoliyat bo‘yicha prorektori T. T.Safarov, fakultet dekanlari, jumladan, U. N.Baltabayev, Sh.Q.Jalilov, L.A.Yusupova, Sh.B.Buxorov hamda AFTEB boshlig‘i F. I. Xudoyberdiyev va institutga biriktirilgan texnikum rahbarlari qatnashdi.
Xusuan, Yangiyo‘l agrotexnologiyalar texnikumi direktori M. R. Fazilova, Quyi Chirchiq tumani 2-son politexnikumi, Angren texnologiyalar texnikumi va Yangiyo‘l shahar 1-son politexnikumi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari ham ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida quyidagi asosiy masalalar ko‘rib chiqildi:
1. Kasbiy ta’limda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan islohotlar tushuntirildi.
2. Ta’lim sifatini oshirish va yo‘l xaritalarini ishlab chiqish masalalari belgilandi.
3. Talabalarni mehnat bozoriga tayyorlashda ish beruvchilar bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Muloqot davomida texnikumlarning o‘quv jarayonlarini takomillashtirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan qator taklif va tashabbuslar muhokama qilindi.
- TKTI professor-o‘qituvchilarini texnikumlarga jalb etish.
- Texnikumlarda “ochiq eshiklar” tadbirlari va “master-klass”lar tashkil etish.
- 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab 4 va 5-darajali yo‘nalishlarni joriy qilish.
- Texnikumlarni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash va elektron kutubxona imkoniyatlarini kengaytirish.
- Metodik qo‘llanmalar ishlab chiqish.
Uchrashuvda texnikumlar faoliyatini takomillashtirish maqsadida bir qator topshiriqlar berildi.
Shunga ko'ra, TKTIga biriktirilgan texnikumlar tegishli fakultetlarga taqsimlandi. Xususan,
- Angren texnologiyalar texnikumi – Kimyoviy injiniring fakultetiga.
- Yangiyo‘l agrotexnologiyalar texnikumi – Oziq-ovqat va vinochilik texnologiyalari fakultetiga.
- Quyi Chirchiq tuman 2-son politexnikumi – Neft va gaz texnologiyalari fakultetiga.
- Yangiyo‘l shahar 1-son politexnikumi – Sanoat muhandisligi va menejmenti fakultetiga biriktirilishi belgilandi.
Bundan tashqari, har bir texnikum faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritalari ishlab chiqish hamda chora-tadbirlarning ijro muddatlari, mas’ul ijrochilar va moliyalashtirish manbalari aniq belgilanishi ta'kidlandi.
Ushbu tashabbuslar texnikumlarning zamonaviy ta’lim talablariga javob beradigan innovatsion markazlarga aylanishiga xizmat qiladi.