Toshkent kimyo-texnologiya institutida Vengriya professori ishtirokida master-klass o‘tkazildi
2025-yil 6-oktabr kuni Toshkent kimyo-texnologiya institutining “Avtomatlashtirish va raqamli boshqaruv” kafedrasi talabalari uchun Vengriyaning Obuda Universiteti professori Andras Molnar tomonidan amaliy master-klass mashg‘uloti tashkil etildi.
Mashg'ulot davomida professor raqamli qurilmalar yordamida signallarni shakllantirish, analog-raqamli (A/D) va raqamli-analog (D/A) o‘zgartirgichlarning ishlash prinsipi, hamda past chastotali filtrlar yordamida signalni silliqlash jarayonlari haqida batafsil tushuntirish berdi.
Mashg‘ulotda ESP32 mikrokontrolleri asosida ishlovchi real qurilmalar namoyish qilinib, talabalar raqamli tizimlar asosida sinxronlashtirilgan signal yaratish bo‘yicha amaliy tajribaga ega bo‘ldilar. Shuningdek, signalni raqamli shaklda qayta ishlash, namuna olish (sampling), kvantlash va filtratsiya jarayonlarining amaliy mexanizmlari o‘rganildi.
Professor shuningdek, “Введение в мир встроенных систем” nomli elektron darslik asosida signalni vaqt va amplituda bo‘yicha diskretlash misollarini tahlil qildi hamda mikroprotsessor platalari, raqamli chiqish signallari va filtrlash modullari bilan ishlash bo‘yicha trening mashg‘ulotlari olib bordi.
Master-klass yakunida professor Andras Molnar TKTI va Obuda Universiteti o‘rtasidagi ta’lim va ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish, xususan raqamli boshqaruv tizimlari, dasturiy injiniring va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalar, ilmiy tadqiqotlar hamda akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish istiqbollari haqida fikr almashdi.