Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) “Xalq diplomatiyasi” markazi hamkorligida “Yangi iqtisodiy muloqot” doirasida davra suhbati o‘tkazildi
2025-yil 17-sentabr kuni Toshkent kimyo-texnologiya institutida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) “Xalq diplomatiyasi” markazi bilan hamkorlikda muhim davra suhbati tashkil etildi. Mazkur tadbir ShHT Tyanszin sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan ilgari surilgan sanoatning istiqbolli tarmoqlarini qamrab oluvchi “Yangi iqtisodiy muloqot” dasturi doirasida o‘tkazildi.
Tadbirni institut rektori U.B. Shukurillayevich kirish so‘zi bilan ochib berdi. U ShHT bugungi faoliyati, o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari va O‘zbekistonning tashabbuslari haqida batafsil ma’lumot berdi.
ShHT “Xalq diplomatiyasi” markazi direktori S.Q. Qosimovich esa tashkilotning vujudga kelishi, xalq diplomatiyasining mintaqaviy jarayonlardagi o‘rni hamda yoshlarning bu jarayondagi faol ishtiroki haqida fikr bildirdi.
Shuningdek, TKTI “Sanoat muhandisligi va menejmenti” fakulteti dekani J.Sh. Qahramonovich va “Ijtimoiy-siyosiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi Y.H. Otaqulovich o‘z ma’ruzalari orqali muloqotni boyitib, sanoat tarmoqlaridagi istiqbollar hamda xalqaro hamkorlik masalalariga to‘xtalib o‘tdilar.
Tadbirda professor-o‘qituvchilar bilan bir qatorda institutning faol talabalarining ishtiroki ham muhim ahamiyat kasb etdi.
TKTI va ShHT “Xalq diplomatiyasi” markazi hamkorligida o‘tkazilgan davra suhbati talabalar uchun nafaqat yangi bilim va tajriba manbai bo‘ldi, balki faol ishtirokchilarning rag‘batlantirilishi bilan ham yodda qoldi.
Savol-javob qismi viktorina shaklida o‘tkazildi. Unda faol qatnashgan 12 nafar talabadan:
8 nafari esdalik sovg‘alari,
4 nafari esa maxsus bir martalik “Rektor stipendiyasi” bilan taqdirlandi.
Bu tashabbus yoshlarni ilmiy izlanishlar, xalqaro hamkorlik va intellektual muloqotlarga yanada faolroq jalb etishga xizmat qiladi.
Tadbirning yakuniy qismi esa alohida tarixiy ahamiyat kasb etdi – Toshkent kimyo-texnologiya instituti va ShHT “Xalq diplomatiyasi” markazi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Ushbu hujjat ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma ilmiy va ta’limiy loyihalarni rivojlantirish hamda talabalar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Bu uchrashuv TKTI talabalariga xalqaro muloqot maydonida o‘z salohiyatini namoyon qilish imkonini yaratdi va institutning xalqaro hamkorlikdagi o‘rni yanada mustahkamlanishiga zamin bo‘ldi.