Ushbu davra suhbatida Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Usmonov Botir Shukurillayevich hamda Xalqarolashtirish va transformatsiya departamenti boshlig'i Babaxanova Zebo Abdullaevna ishtirok etdi.
Shuningdek Barselona universiteti, Lleida universiteti vakillari bilan bir qatorda O‘zbekistondagi 10ga yaqin davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari rektorlari va xalqaro hamkorlik yo‘nalishiga mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Davra suhbatida TDIU rektori T.Teshabayev, Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori Sh.Baymuratov, Toshkent kimyo-texnologiya universiteti rektori B.Usmonov, Toshkent Xalqaro universiteti rektori Jun Yong Wook, Toshkent Kimyo xalqaro universiteti rektori K.Axmedjanov, Urganch RANCH texnologiya universiteti rektori J.Atajonovlar taqdimot qildi.
Ularda O‘zbekiston va Ispaniyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida akademik hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy va innovatsion aloqalarni kengaytirish yo‘nalishlari taklif etildi.
Ispaniya tomonidan Barselona universitetining xalqaro hamkorlik siyosati bo‘yicha prorektori Raul Ramos Labo va Lleida universiteti xalqaro aloqalar prorektori Antoni Granollers i Saltiveri o‘zining chiqishlarida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan Erasmus dasturi bo‘yicha qo‘shma ilmiy grant loyihalarini amalga oshirish, turizm sohasida hamkorlik qilish, ispan tilini o‘rgatish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi.
Muloqotlarda o‘ndan ortiq amaliy takliflar ilgari surilib, universitetlararo hamkorlikni yana-da mustahkamlashga doir tashabbuslar ko‘rib chiqildi.