Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent kimyo-texnologiya instituti vakillari Shirin energetika texnikumiga tashrif buyurdi.

2025-yilning 11-yanvar sanasida Toshkent kimyo-texnologiya institutining Akademik faoliyat bo'yicha prorektori Safarov Toyir Tursunovich, Korxona va sanoat tarmoqlari deportamenti boshlig'i Shernayev Anvar Normamatovich hamda bo'lim xodimi Mavlonov Uchqunbek Ravshanbekovichlar Shirin energetika texnikumiga tashrif buyurdilar.

Texnikumning yoshlar bilan ishlari bo'yicha direktor o'rinbosari Z.Nishonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-oktabrdagi PF-158-sonli Farmonida belgilangan vazifalardan kelib chiqib Shirin energetika texnikumi haqida to'liq ma’lumotlar berib o'tdi. 1985-yildan buyon faoliyat yuritayotgan muassasaning 40 yillik tarixidan lavhalar namoyish etildi. Texnikum ayni paytda Saudiya Arabistonining ACWA POWER kompaniyasi bilan xalqaro hamkorligi, Belorussiyaning Mogilyov davlat elektrotexnika kolleji bilan aloqalari haqida hamda joriy o’quv yilida texnikumda tahsil olayotgan 595 nafar o‘quvchining 10 dan ortiq yo‘nalishda tahsil olayotganligi haqida so‘z yuritildi.

Shundan so'ng T.T.Safarov Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shirin energetika texnikumiga o‘quv-uslubiy yordam ko‘rsatish, ta’lim sifatini oshirish, texnikumning moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun amaliy yordam berishga tayyorligi, kelgusida texnikum ma’muriyati bilan maslahatlashgan holda jahon andazalariga javob beradigan kadrlar tayyorlashda hamda hamkorlik qilishga tayyorliklarini ta’kidlab o‘tdi.

Mavlonov Uchqunbek kelajakda texnikum talabalarining ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil qilishda, jumladan, avtotransport yo’nalishida amaliy yordam va hamkorlik bo’yicha institut imkoniyatlariga to'xtaldi. Kollej o‘qituvchilaridan M.Pirimqulov, G’.Xolnazarov, S.Sultonova va boshqalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha savollar berishdi. Shundan so‘ng mehmonlar texnikumning moddiy-texnik bazasi bilan yaqindan tanishishlari uchun o‘quv binosi, ustaxona, talabalar turar joyi bo‘ylab ekskursiya uyushtirildi.

Tashrif so‘ngida texnikum kelajagida muhim rol o‘ynashi kerak bo‘lgan masalalar bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tayyorlash va uni amalda bajarishga kelishib olindi.