Toshkent kimyo-texnologiya institutida Mediastudiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2025-yil 12-sentabr kuni Toshkent kimyo-texnologiya institutining Media markazida institut rektorining Axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Matbuot kotibi Egamnazar Abdulboqiyev boshchiligida Axborot xizmati huzuridagi Mediastudiya a’zolari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv davomida institutning axborot siyosatini samarali tashkil etish, media faoliyatini yanada kuchaytirish hamda talabalar hayotiga oid muhim voqealarni keng yoritish masalalari muhokama qilindi. Mediastudiya a’zolariga institut faoliyati, ilmiy tadbirlar, talabalarning tashabbuslari va ta’lim jarayonidagi yutuqlarni tezkor, xolis va zamonaviy yondashuvlar asosida targ‘ib qilish zarurligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga xizmat qiladigan, ko‘ngilochar hamda foydali ma’lumotlarga boy milliy kontentlar yaratish, blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi talabalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali institutning ijobiy imidjini keng jamoatchilikka yetkazish istiqbollari belgilab olindi.
Mazkur uchrashuv Mediastudiya faoliyatida yangi bosqichni boshlab berdi. Unda yosh ijodkorlar o‘z bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, ijodiy salohiyatlarini kengaytirish, institutning media maydondagi faoliyatini yanada yuksak bosqichga olib chiqishga qaratilgan ustuvor vazifalar bilan tanishtirildi.