Toshkent kimyo-texnologiya institutining Neft va gaz texnologiyalari fakultetida «Tarmoq-korxona-oliygoh» zanjiri nomli Korxona rahbarlari forumi boʻlib oʻtdi.
2025-yilning 19-aprel sanasida Neft va gaz texnologiyalari fakultetida «Tarmoq-korxona-oliygoh» zanjiri Korxona rahbarlari forumi boʻlib oʻtdi. Forumda fakultet va kafedralar oʻzlarining ishlanmalari, kompozitlar va koʻrgazmalarini korxona rahbarlariga namoyishi boʻlib oʻtdi.
Ushbu forumda 15 dan ortiq kompaniya va korxonalarning vakillari ishtirok etib Ilmiy-tadqiqot ishlarida hamkorlik masalalari muhokamasi, professor-oʻqituvchilarning stajirovkalari va talabalar amaliyotlarini tashkil etish masalalari, Ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikda Dual ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash istiqbollari muhokamasi, professor-oʻqituvchilar, yosh olimlar innovatsion ishlanmalarini tijoratlashtirishda hamkorlik, xoʻjalik shartnomalari tuzish hamda yangi hamkorlik shartnomalari va memorandum imzolash koʻzda tutilgan.
Forumni Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Usmonov Botir Shukurillayevich kirish soʻzi bilan ochib berdi.
"Talabalar nazariy bilimlarni olish bilan bir qatorda, korxona va tashkilotlarda amaliy koʻnikmalarga ega boʻlishlari qoʻliga diplom olib, oliygohni tamomlaguniga qadar tayyor mutaxassis kadr boʻlib yetishishlariga xizmat qiladi. Bu borada korxonalar bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishimiz, «Tarmoq-korxona-oliygoh» zanjiri tamoyili asosida talabalar uchun oliygoh va korxona oʻrtasida koʻprik barpo etishimiz kerak", - dedi rektor B.Sh.Usmonov.
Ta’kidlash joizki «Tarmoq-korxona-oliygoh» zanjiri korxona rahbarlari forumini oʻtkazishdan maqsad Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-oktyabrdagi 841-sonli «2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasida milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq barqaror rivojlanishning maqsad va vazifalarini izchil amalga oshirish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 11.09.2023 yildagi PF-158-son «Oʻzbekiston-2030» strategiyasi toʻgʻrisidagi farmoni ijrosini ta’minlash, Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining 2024-yil 20-iyundagi videoselektr yigʻilishining 32-sonli bayonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan Toshkent kimyo-texnologiya institutida “Tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish, Respublikamizda 2025-yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” ga bagʻishlangan tadbirlarni keng nishonlash, ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlik aloqalarni rivojlantirish hamda neft-gaz va kimyoviy-texnologiya, sellyuloza va yog‘ochsozlik texnologiyasi sohasidagi tadqiqotlarda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan iboratdir.
Shundan soʻng Neft va gaz texnologiyalari fakulteti dekani Yusupova Lola Azimovna fakultet haqida, mavjud kafedra mudirlari esa, oʻquv, ilmiy, ma’naviy, xalqaro aloqalar va faoliyat haqida ma’lumotlar berib oʻtdi.
Jumladan "Sellyuloza va yog‘ochsozlik texnologiyasi" kafedrasi mudiri Xusenov Arslonnazar Shernazarovich, "Neft va gazni qayta ishlash kimyoviy texnologiyasi" kafedrasi mudiri Mengliyev Sherzod Shoimovich, "Asosiy organik sintez" kafedrasi professori Qodirov Xasan Ergashevich, "Fizika va energetika" kafedrasi dotsenti Mamatqulov MuxammadSodiq Nabiyevichlar oʻquv, ilmiy, ma’naviy, xalqaro aloqalar hamda faoliyat haqida ma’lumotlar berib oʻtdi.
Forum davomida tashrif buyurgan korxona rahbarlari hamda vakillari oʻzlarining taqdimotlari bilan ishtirok etib, talab va takliflarini bayon etdilar.
Bunga koʻra “Me’yos” uyushma raisi Akbarov Rahmatjon Yuldashevich, Sho‘rtan neft gaz qazib chiqarish boshqarmasi bosh texnolog bo‘limi yetakchi muhandisi Qoraeva Dilnavoz Ko‘makovna soʻzga chiqdilar.
Bugungi forumda O‘zbekiston kimyo-farmasevtika ilmiy tadqiqot instituti direktori Nasullaev Xikmatullo Abdulazizovich, “Shoʻrtan Gaz Kimyo Majmuasi” MChJ, Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi, “Uzbekistan GTL” MChJ, «Uz-Kor Gas Chemical» QK MChJ, “Buxoro NQIZ” MChJ, «SUMONO» MChJ, Toshkent shahar kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi vakillari hamda boshqa tashkilotlardan ma’sul xodimlar ishtirok etdilar.
Forum davomida Toshkent kimyo-texnologiya instituti hamda “Me’yos” uyushmasi oʻrtasida kadrlarni tayyorlash, Dual ta’lim tizimini yoʻlga qoʻyish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida anglashuv memorandumi imzolandi.
Tashrif buyurgan korxona rahbarlari hamda vakillari Neft va gaz texnologiyalari fakultetida mavjud kafedralarning oʻquv, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari va texnoparkining faoliyati bilan yaqindan tanishib, ulani qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldilar.