2024-yil 18-noyabr kuni Toshkent kimyo-texnologiya institutiga Janubiy Koreyaning NC CAREER kompaniyasi delegatsiyasi tashrif buyurdi. Tashrif doirasida ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan muhim uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvda NC CAREER kompaniyasi direktori Eunchay Noh, Korea tili bo’yicha maslahatchi Sunok Ko, O‘zbekistondagi mahalliy maslahatchi Myongsoo Lee ishtirok etishdi. Toshkent kimyo-texnologiya instituti tomonidan esa Xalqarolashtirish va transformatsiya departamenti boshlig'i Babaxanova Zebo Abdullayevna, Xalqaro hamkorlik va protokol bo‘limi boshlig‘i Saidaxmadov Saidumarxon, Karyera markazi rahbari Abdurahmon Mirkomilov hamda talaba-yoshlar qatnashdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi:
-xalqaro talantlarni aniqlash va ularga professional ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha treninglar o‘tkazish;
-NC CAREER dasturi doirasida mehnat imkoniyatlarini kengaytirish;
-Janubiy Koreyada o‘qiyotgan va ishlayotgan tabiiy va muhandislik sohalari bitiruvchilari bilan tajriba almashish;
-Janubiy Koreyada ishlashni maqsad qilgan o‘zbekistonlik talabalarga yo‘naltirilgan kasbiy maslahat va qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini ko‘rsatish.
Tadbir davomida soha bo‘yicha mutaxassislar talabalar savollariga atroflicha javoblar berib, mehnat bozoridagi imkoniyatlar, kasbiy o‘sish strategiyalari va Janubiy Koreada ishlash uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalar bo‘yicha muhim tavsiyalar taqdim etdilar.
Uchrashuv nihoyasida Toshkent kimyo-texnologiya instituti va NC CAREER kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi Memorandumlar imzolandi.
Ushbu hamkorlik kelgusida O‘zbekistonlik talabalarning xalqaro maydondagi faolligini oshirish va yangi imkoniyatlar yaratishda muhim qadam bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Bu kabi tadbirlar talabalarning nafaqat nazariy bilimlarini amaliyotda sinash, balki ularga global mehnat bozoriga yo‘l ochishda mustahkam poydevor yaratadi.