Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent kimyo-texnologiya instituti va 'Navoiyazot' AJ o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashga doir uchrashuv o‘tkazildi

2024-yil 12-dekabr kuni Toshkent Kimyo-texnologiya institutida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda O‘zbekistonda kimyoviy mahsulotlarning 30% dan ortig‘ini ishlab chiqaradigan va "O‘zkimyosanoat" Aksiyadorlik jamiyatining asosiy segmentlaridan biri hisoblanadigan "Navoiyazot" AJ mutasaddilari ishtirok etdi.

"Navoiyazot" AJ sanoat, transport, qishloq xo‘jaligi, yoqilg‘i-energetika majmui tarmoqlarida yirik ishlab chiqarish korxonalaridan biri sifatida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Uchrashuvda Toshkent kimyo-texnologiya instituti Akademik faoliyat bo‘yicha prorektor T.T. Safarov, Korxonalar va sanoat tarmoqlari departamenti boshlig‘i A.N. Shernayev hamda Karyera markazi boshlig‘i A.M. Mirkomilov ishtirok etdilar. Tadbirda institutning amaliy va ilmiy faoliyatini rivojlantirish, talabalarni amaliyotga yuborish va ularni keyinchalik ishga joylashtirish, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish, shuningdek, "Navoiyazot" AJ xodimlariga ilmiy darajalarini oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, dual ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirildi.

Uchrashuvdan so‘ng, "Navoiyazot" AJ mutasaddilari bitiruvchi kurs talabalarini qabul qilib, ular bilan bitiruv oldi amaliyoti o‘tash va ishga joylashish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazdilar. Bu jarayon institut talabalari uchun amaliy tajriba orttirish, ularni sanoat tarmoqlari bilan yanada yaqindan tanishtirish va kelajakda muvaffaqiyatli ishga joylashish imkoniyatlarini yaratish maqsadida tashkil etildi.

Uchrashuv yakunida taraflar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va kelgusida kadrlar tayyorlash borasida samarali ishlarni amalga oshirishga kelishib olindi.