Toshkent kimyo-texnologiya institutida xalqaro ilmiy forum
2025-yil 28-may kuni Toshkent kimyo-texnologiya institutida “Barqaror rivojlanish va yashil iqtisodiyot” mavzusidagi xalqaro ilmiy forum bo‘lib o‘tdi.
Forumning asosiy maqsadi — yashil iqtisodiyot, kimyo va texnologiya sohalariga kiruvchi yo‘nalishlarda (ekologik iqtisodiyot, kam uglerodli iqtisodiy rivojlanish, biologik xilma-xillikni saqlash, ekologik barqaror taraqqiyot, chiqindisiz texnologiyalar, aylanish iqtisodiyoti va boshqalar) fundamental va amaliy ilmiy yutuqlar bo‘yicha xalqaro tajriba almashinuvi uchun platforma yaratishdan iborat.
Forum doirasida quyidagi yo‘nalishlar muhokama qilindi:
▪️ Kimyoviy birikmalarni sintez qilishning yangi usullari
▪️ Kimyoviy kataliz va ekologik xavfsizlik
▪️ Energiya tejamkor va chiqindisiz texnologik ishlab chiqarish
▪️ Aylanish iqtisodiyoti konsepsiyalari
▪️ Atrof-muhit iqtisodiyoti va ekotizim xizmatlarini muhofaza qilish
Shuningdek, forum texnik fanlarga bo‘lgan qiziqishni oshirish, yosh tadqiqotchilarni rag‘batlantirish, ilmiy hamkorlikni kuchaytirish va asosiy fanlarni ommalashtirishga qaratilgan xalqaro platforma sifatida xizmat qildi.
Tadbirda xorijiy va mahalliy olimlar, mutaxassislar, ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari ishtirok etdi.
Ushbu forum barqaror rivojlanish yo‘lida ilm-fan va texnologiyaning integratsiyasini ta’minlashda muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Forum institut rektori, professor Usmonov Botir Shukurillayevichning kirish so‘zi bilan o‘z ishini boshladi.
Forum doirasida mahalliy va xorijiy olimlar ishtirokida qator ilmiy ma’ruzalar taqdim etildi. Jumladan:
Université Paris Cité & CNRS (Fransiya) vakili Dr. Mohamed Mehdi Chehimi tomonidan biochar moddalari, ularning kimyosi va amaliy qo‘llanilishi haqida fikr bildirildi.
São Paulo universiteti (Braziliya) olimi Dr. Jose Roberto Simões Moreira quyosh energiyasini yo‘naltirish orqali quyosh yoqilg‘ilarini ishlab chiqarishga doir innovatsion yondashuv bilan ishtirok etdi.
Toshkent kimyo-texnologiya instituti (O‘zbekiston) olimlari Dr. Zafar Turakulov va Azizbek Kamolov tabiiy gazga asoslangan elektr stansiyalardan CO₂ gazini samarali ushlab qolishning texnik va iqtisodiy tahlillari yuzasidan ma’ruza qilishdi.
Shimoliy Dakota universiteti (AQSh)**dan Dr. Ali S. Alshami esa onlayn tarzda chiqish qilib, yashil va barqaror gaz hamda suvni tozalash texnologiyalariga oid zamonaviy yechimlar bilan o‘rtoqlashdi.
Ma’ruzalar yakunida ishtirokchilar tomonidan olimlarga turli savollar berildi. Ular orasida quyosh yoqilg‘ilari samaradorligi, CO₂ ushlash texnologiyalarining iqtisodiy jihatlari, shuningdek, ekologik xavfsizlik bilan bog‘liq dolzarb masalalar ko‘tarildi. Spikerlar barcha savollarga batafsil va asosli javob berib, ochiq muloqot maydoni yuzaga keldi.
Forum ilmiy-tadqiqot sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, yosh tadqiqotchilarni rag‘batlantirish va global barqarorlik yo‘lida ilm-fan yutuqlarini muhokama qilish uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qildi.
Forumning birinchi qismi yakuniga yetib ishtirokchilar uchun kofe-brek hamda foto-sessiya tashkil etildi.
Kofe-brek, albatta, ilmiy mavzularda fikr almashish va norasmiy muhokamalarni davom ettirish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ldi.
Forumning ilmiy qismidan so‘ng, lirik chekinish bosqichi tashkil etildi.
Institutning iqtidorli talabalari tomonidan turli sahna chiqishlari namoyish etildi: raqslar, qo‘shiqlar va badiiy chiqishlar forum ishtirokchilarida iliq taassurot qoldirdi.
“Barqaror rivojlanish va yashil iqtisodiyot” mavzusidagi xalqaro ilmiy forum mahalliy va xorijiy olimlarning ma’ruzalar bilan davom etdi.
Forumga qatnashgan xorijiy va mahalliy olimlar tomonidan quyidagi dolzarb mavzular yoritildi:
Dr. Kamel Eid (Qatar universiteti, Qatar) — ipak tolalar va Pt-free nanokristallar asosida yashil vodorod ishlab chiqarishga mo‘ljallangan innovatsion karbon nanofilamentlari dizayni.
Dr. Narges Samanian Baghersad (Toshkent kimyo-texnologiya instituti, O‘zbekiston) — aqlli, biologik parchalanadigan qadoqlash materiallari ishlab chiqarish yo‘nalishidagi ilmiy yutuqlar.
Dr. Lelia Cristina da Rocha Soares (São Paulo universiteti, Braziliya) — vodorodning ammiakdan ishlab chiqarilishi va uning barqarorlik istiqbollari.
Dr. Octavio Calvo Gomes (Toshkent kimyo-texnologiya instituti, O‘zbekiston) — oltingugurtli bug‘larning shifobaxsh kuchi va uning ilovalari.
Dr. Claudio Augusto Oller do Nascimento (São Paulo universiteti, Braziliya) — turkuaz vodorod texnologiyalari haqida ilmiy ma’ruza.
Dr. Nida Fatima (Integral Universiteti, Hindiston, onlayn) — Hindiston startap ekotizimidan olingan barqaror rivojlanish uchun tadbirkorlikka oid saboqlar.
Forum ilm-fan, texnologiya va barqaror rivojlanish sohasida global hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
“Barqaror rivojlanish va yashil iqtisodiyot” mavzusidagi xalqaro ilmiy forumning ikkinchi yarmida sho‘balar doirasida amaliy munozaralar va taqdimotlar bo‘lib o‘tdi.
Forum quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha sho‘balarga bo‘lingan holda davom etdi:
Issiqxona gazlarini ushlash va konversiyasi bo‘yicha innovatsiyalar
– Iqlim o‘zgarishiga qarshi ilg‘or texnologik yechimlar, karbon izini kamaytirish strategiyalari muhokama qilindi.
Energiya ishlab chiqarish va konversiyasi uchun nanomateriallardagi innovatsiyalar
– Qayta tiklanuvchi energiya manbalarida nanomateriallardan foydalanish bo‘yicha so‘nggi ilmiy ishlanmalar taqdim etildi.
Barqaror ekologik reabilitatsiya
– Atrof-muhitni tiklash, ekologik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar almashildi.
Kimyo va oziq-ovqat sanoatini barqaror rivojlantirish
– Barqaror ishlab chiqarish, ekologik toza mahsulotlar va sanoatni modernizatsiya qilish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Yashil iqtisodiyot, eksport salohiyatini oshirish va zamonaviy pedagogik texnologiyalar
– Yashil iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, ta’limda innovatsion metodlar hamda xalqaro hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Sho‘ba yig‘ilishlarida mahalliy va xorijiy olimlar, tadqiqotchilar hamda doktorantlar o‘z ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Ular o‘z tajribalari, ilmiy yondashuvlari va yangi ishlanmalari bilan forum ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Forum sho‘balari doirasidagi muhokamalar xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, dolzarb ekologik va iqtisodiy muammolarga birgalikda yechim izlashga xizmat qildi.
Forum yakunida xorijiy olimlar institutimiz olimlari tomonidan nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda chop etilgan maqolalar, ilmiy ishlar hamda posterlar bilan yaqindan tanishdilar.
Bu esa institutimiz ilmiy salohiyati va xalqaro maydondagi faolligini namoyon etdi.