Ijtimoiy tarmoqlar

“UzGTL Stipendiya” dasturining navbatdagi bosqichi uchun imtihon bo'lib o'tdi

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, 2024-2025 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalari iqtidorli talabalari o‘rtasida “Uzbekistan GTL” MChJ tomonidan stipendiyalar tanlovi va ishlab chiqarish amaliyotiga saralash dasturi e’lon qilingan edi.

Shu munosabat bilan, 2024-yil 25-noyabr kuni Toshkent kimyo-texnologiya institutida mazkur tanlovning navbatdagi bosqichi uchun imtihon o‘tkazildi. Ushbu imtihonda tanlovning birinchi bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan institutning 3-4 bosqich talabalari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida “Uzbekistan GTL” MChJ mutaxassislari tomonidan yig‘ilganlarga tanlovning maqsadi, ahamiyati va istiqboldagi imkoniyatlari haqida batafsil xaborot berildi.

Ta’kidlanganidek, ushbu dastur neft va gaz sanoatida malakali kadrlarni yetishtirish hamda talabalarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shundan so‘ng, ishtirokchilarga savol varaqalari topshirildi va imtihon jarayoni boshlandi. Har bir bosqich qatnashchilarning bilim darajasini haqqoniy va xolisona baholash uchun kompaniya mutaxassislari tomonidan sinchkovlik bilan kuzatib borildi. 

“UzGTL Stipendiya” dasturi iqtidorli talabalar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi. 

Mazkur dastur doirasida muvaffaqiyat qozongan talabalar nafaqat stipendiya yutib olishadi, balki “Uzbekistan GTL” kompaniyasida ishlab chiqarish amaliyotida ishtirok etish imkoniyatiga ham ega bo‘ladilar. Bu esa ularning professional rivojlanishi va kelgusida yuqori malakali mutaxassis sifatida shakllanishiga zamin yaratadi.