Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoda fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) sohasida faoliyat olib borayotgan ayollarni jamiyatdagi oʻrnini oshirish, yoshlarning tabiiy va aniq fanlarga qiziqishlarini orttirish, olima ayol-qizlarni ragʻbatlantirish maqsadida oʻtkazilgan ushbu tadbirda Toshkent kimyo-texnologiya instituti akademik litsey talabalari, Toshkent shahridagi Prezident maktabi, “Target international school” (Istiroxat filiali), 148-umumtaʼlim maktabining 10 va11-sinf (rus va oʻzbek guruxlari) oʻquvchilari, maktab oʻqituvchilari, xalqaro va akademik hamkor universitetlar vakillari faol ishtirok etishdi.
Xalqaro forumni Oʻzbekiston Respublikasi "Oila va xotin-qizlar” qoʻmitasining "Ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish" boʻlimi boshligʻi, Oʻzbekiston “Ixtirochi ayollari markazi” rahbari professor Norqulova Karima Tuxtabayevna, «Oʻzkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisining maslahatchisi Abduraxmonova Sanobar Maxammadaminovna, Toshkent kimyo-texnologiya institutining Akademik faoliyat boʻyicha prorektori Safarov Toyir Tursunovichlar kirish soʻzlari bilan ochib ishtirokchilarga tabrik yoʻlladilar.
Shundan soʻng, Women in Tech Uzbekistan rahbari Anna Ambrozevich, Oʻzbekistondagi eng yirik STEM nodavlat va notijorat tashkilotining vakili Safina Teshabayeva, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Kimyoviy injeneringning “Qizlarjon” klubi koordinatori Mushtariybegim Xoshimova oʻz taqdimotlari bilan ishtirok etishdi.
Tadbir davomida maktab hamda Toshkent kimyo-texnologiya instituti akademik litsey oʻquvchilari kichik guruhlarda Eko-sumkaga STEM va BRM (Barqaror rivojlanish maqsadlari) koʻrsatib beradigan masster-klass orqali akril boʻyogʻi bilan surat chizish, shuningdek qogʻoz loy-mumdan shakllarini yasash boʻyicha oʻzaro bellashdilar.
Kimyo kafedrasi professor-o'qituvchilari tomonidan tashrif buyurgan o'quvchilarga qiziqarli kimyoviy reaksiyalar namoyish etildi.
Ta'kidlash joizki “Kelajak STEM yulduzlari” tadbiri olima ayollar bilan uchrashish, ularni yutuqlariga e’tibor qaratish, professional tarmoqlarni kengaytirish, bir-biridan oʻrganish va ayollarni akademik soha, sanoat va davlat idoralarida muvoffaqiyatli ishlashini qo‘llab quvvatlash kabi masalalarni muhokama etish uchun ajoyib imkoniyatni taqdim etadi.
Tadbir yanada qiziqroq boʻlishi uchun blitz savollar berildi.
Tadbir yakunida barcha faol va iqtidorli oʻquvchi qizlar hamda oʻqituvchilar sertifikat hamda esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandilar
“Women in STEM” III- xalqaro ilmiy forumi doirasida “Kelajak STEM yulduzlari” tadbiridan esdalik foto-lavhalar.