Ijtimoiy tarmoqlar

Xalqaro hamkorlikning yangi bosqichiga qadam

2024-yil 3-dekabr kuni Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli Shandong Jianshu universiteti delegatsiyasini qabul qildi.

Ushbu tashrif doirasida ikki oliy ta'lim muassasasi o'rtasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va yangi ilmiy-innovatsion loyihalarni amalga oshirish bo'yicha muhim uchrashuv tashkil etildi.  

Shandong Jianshu universiteti delegatsiyasiga Bosh rahbar Yang Jingbo boshchilik qilgan bo‘lib, delegatsiya tarkibida universitet Bosh boshqarmasi direktori Liu Qingfeng, Ijtimoiy fanlar tadqiqot boshqarmasi direktori Vang Shuxa, Qurilish maktabi kotibi Fan Qian va Xalqaro almashinuv va hamkorlik boshqarmasi direktori Lia Xiao qatnashdi.  

Toshkent kimyo-texnologiya instituti tomonidan esa institut rektori Usmonov Botir Shukurullayevich, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektor Po'latov Xayrulla Lutpullayevich, Korxona va sanoat tarmoqlari departamenti boshlig'i Shernayev Anvar Normamatovich, Xalqarolashtirish va transformatsiya departamenti boshlig'i Babaxanova Zabo Abdullayevna, "Biotexnologiya" kafedrasi mudiri Normatov Anvar Mirzaevich hamda "Biotexnologiya" kafedrasi professori Nortoji Xo'jamshukurov ishtirok etdi.  

Muloqot davomida oliygohlar o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni kengaytirish masalalari, jumladan:  

- talaba va professor-o'qituvchilar almashinuvi dasturlari;  

- magistratura va doktorantura bosqichida qo‘shma ta'lim dasturlari tashkil etish;  

- ilmiy tadqiqot va innovatsion loyihalarni birgalikda amalga oshirish;  

- ijtimoiy va texnik sohalardagi zamonaviy muammolarni hal qilish bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Shandong Jianshu universiteti o‘rtasida anglashuv memorandumi yangilangan holda muvaffaqiyatli imzolandi.

Ushbu memorandum ikki oliygoh o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini belgilab berdi va istiqboldagi qo‘shma loyihalar uchun mustahkam poydevor yaratdi.  

Bunday xalqaro aloqalar ta’lim tizimining globallashuviga xizmat qilishi bilan birga, innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish va yuqori malakali kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.