Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman: “Turkiya va O‘zbekistonda oilani mustahkamlashga asoslangan davlat siyosati”
2025-yil 30–31-may kunlari Istanbul shahridagi Istanbul Tijorat Universiteti anjumanlar zalida O‘zbekiston Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish jamiyati tashabbusi bilan “Turkiya va O‘zbekistonda oilani mustahkamlashga asoslangan davlat siyosati” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti, Turkiya Respublikasi Oilaviy va ijtimoiy xizmatlar vazirligi, Istanbul Tijorat Universiteti, KADEM (Ayollar va demokratiya jamiyati) hamda O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hamkorligida yuqori saviyada tashkil etildi.
Tadbirda ikki davlatda amalga oshirilayotgan oilaviy siyosat, gender tengligini ta'minlash, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, oila institutini mustahkamlash borasidagi ilg‘or tajribalar va amaliy yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi. Anjuman doirasida tegishli davlat organlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlar va ekspertlar ishtirokida ma’ruzalar tinglanib, dolzarb mavzularda muhokamalar olib borildi.
Ushbu nufuzli anjumanda Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Gulnora Aripova ham ishtirok etdi va institut nomidan ayollar masalalari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashdi.
Anjumanning ikkinchi kunida Oliy ta’lim muassasalaridan tashrif buyurgan rektor maslahatchilari, xususan Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Gulnora Aripova institut Xotin-qizlar tizimi faoliyati va ushbu yo’nalishda olib borilayotgan islohatlar haqida taqdimot qildi.