Ijtimoiy tarmoqlar

Xo‘jand shahridagi maktablarda o‘quv-targ‘ibot ishlari olib borildi

 Xo‘jand shahridagi maktablarda o‘quv-targ‘ibot ishlari olib borildi

Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektorining 2025-yil 28-maydagi 1/56-sonli buyrug‘iga asosan, 2025-yil 30-may kuni Tojikiston Respublikasining Sug‘d viloyati, Xo‘jand shahrida joylashgan Sanoat va xizmat ko‘rsatish institutiga institut jamoasidan iborat delegatsiyaning ikkinchi xizmat safari tashkil etildi. Delegatsiyaga Oziq-ovqat va parfyumeriya-kosmetika mahsulotlari texnologiyasi kafedrasi dotsenti D.P.Raximov rahbarlik qildi. Safar tarkibiga shuningdek, Biotexnologiya kafedrasi dotsenti G‘.A.Nazarov, Oziq-ovqat xavfsizligi va sifati kafedrasi dotsenti Sh.K.Tuxtaev hamda Enologiya va bijg‘ish mahsulotlari texnologiyasi kafedrasi dotsenti A.N.Malikovlar qatnashishdi.

Tashrifning asosiy maqsadi – Toshkent kimyo-texnologiya instituti tarkibidagi Oziq-ovqat va vinochilik texnologiyalari fakulteti filialini Xo‘jand shahridagi Sanoat va xizmat ko‘rsatish instituti binosida tashkil etish, shuningdek, maktab bitiruvchi yoshlarga filial faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari va yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berishdan iborat bo‘ldi.

O‘quv-targ‘ibot ishlari quyidagi maktablarda tashkil etildi:

 • 1, 2, 3, 7, 14, 21-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablari;

 • 1 va 2-sonli gimnaziyalar.

Targ‘ibot uchrashuvlari davomida dotsent D.P. Raximov tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari texnologiyasi yo‘nalishidagi innovatsion yondashuvlar, zamonaviy laboratoriyalar, yirik korxonalar bilan hamkorlikda tashkil etilgan amaliyot dasturlari, shuningdek, xalqaro almashinuv, “Erasmus+” va boshqa dasturlar asosida taqdim etilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, dotsent Sh.K.Tuxtaev tomonidan oziq-ovqat xavfsizligi, go‘sht-sut mahsulotlari texnologiyasi, bolalar ovqatlanishi va funksional ovqatlanish yo‘nalishlaridagi yangiliklar, amaliyot bazalari va talabalar uchun yaratilgan startap dasturlari haqida tushuntirishlar berildi.

Mazkur tadbirlarda dotsent A.N.Malikov maktab bitiruvchilarini spirt, pivo, vino va bijg‘ish mahsulotlari texnologiyasi bo‘yicha tahsil olishga, Toshkent kimyo-texnologiya instituti “Oziq-ovqat va vinochilik texnologiyalari” fakultetida o‘qishni davom ettirishga taklif etdi.

Xoʻjand shaxrining ginaziyalari boʻyicha Biotexnologiya kafedrasi dosenti Gʻ.A.Nazarov Toshkent kimyo-texnologiya instituti Biotexnologiya kafedrasining mutaxassislik yoʻnalishlari boʻyicha va hozirgi davrda oziq-ovqat mahsulotlarini boyitish boʻyicha ishlab chiqariladigan biologik faol moddalarni olinishi va laboratoriyalarining zamonaviy uskunalar bilan jihozlanganligi va biotiexnologiya kafedrasining Hindistonning Dehli shahridagi Integral universiteti bilan hamkorlikda tashkil qilinayotgan laboratoriya va oʻquv ilmiy ma'lumotlari bilan boʻlishdi va maktab bitiruvchilarini erkin iqtisodiyot zonasidagi Sanoat va xizmat koʻrsatish instituti va Toshkent kimyo-texnologiya institutiga oʻqishga taklif qildi.

Kunning ikkinchi yarmigacha Xo‘jand shahridagi 8 ta maktabda jami 430 nafar bitiruvchi bilan uchrashuv o‘tkazilib, ularning Toshkent kimyo-texnologiya institutiga, shuningdek, Xo‘jand shahridagi erkin iqtisodiy zonada joylashgan Sanoat va xizmat ko‘rsatish institutiga o‘qishga kirishlari bo‘yicha batafsil targ‘ibot ishlari olib borildi.

Xizmat safari yakunida Toshkent kimyo-texnologiya instituti dotsentlari Sanoat va xizmat ko‘rsatish institutining talabalariga mo‘ljallangan master-klass darslarini o‘tib berishdi. Mazkur faoliyatlari evaziga ularga 18 soatlik maxsus sertifikatlar topshirildi.