Hurmatli hamkasblar, aziz talabalar va qadrli vatandoshlar!
Jonajon diyorimizga yangi — 2025-yil kirib kelmoqda. Yangi yilni barchamiz sog‘lik-salomatlik, baxt, omad va yangi yutuqlar bilan qarshi olaylik! Ushbu qutlug‘ damlarda institutimiz jamoasini va barcha vatandoshlarimizni bayram bilan samimiy tabriklayman.
O‘tgan 2024-yil institutimiz uchun yutuqlarga boy yil bo‘ldi. (Jumladan, talaba va o‘qituvchilarimizning fidokorona mehnati tufayli ko‘plab ilmiy loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etildi va xalqaro hamkorlik aloqalari yanada kengaytirildi. Talabalarimizning innovatsion g‘oyalari va ilmiy izlanishlari xalqaro miqyosda e’tirof etilib, barchamizga faxr-iftixor bag‘ishladi.)
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2025-yil O‘zbekistonda “Atrof-muhitni asrash va „yashil“ iqtisodiyot” yili deb e’lon qilindi. Bu tashabbus ekologik barqarorlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali mamlakatimiz rivojiga yangi sur’at bag‘ishlashga xizmat qiladi. Ushbu yilning mazmuni institutimiz faoliyatida ham muhim o‘rin egallaydi. Biz ilm-fan va ta’lim sifatini oshirish bilan birga, ekologik muammolarni hal qilishga qaratilgan tadqiqotlarni rivojlantirish, “yashil” texnologiyalarni joriy etish va talabalarimizni ekologik xabardorlik ruhida tarbiyalashda davom etamiz.
Yangi yilda bizning asosiy maqsadimiz — lm-fan va ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishda davom etishdir. Ekologik innovatsiyalarni joriy etish va raqamli texnologiyalarni keng qo‘llash orqali nafaqat ta’lim jarayonlarini, balki ilmiy faoliyatni ham tubdan yaxshilashga harakat qilamiz.
Hurmatli hamkasblar!
Institutimiz erishgan barcha yutuqlarning asosi sizning fidokorona mehnatingizdir. Yangi yilda ham birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli yanada ulkan marralarni zabt etamiz. Sizlarga chin dildan minnatdorlik bildiraman va yangi yilni yangi g‘oyalar va muvaffaqiyatlar yili bo‘lishini tilayman.
Aziz talabalar!
Sizlarning ilm olish yo'lidagi intilishingiz va mehnatingiz institutimizning yuksak nufuzini yanada oshiradi. Yangi yilda ham sizlarning ilmiy va ijodiy yutuqlaringizni qo‘llab-quvvatlash, imkoniyatlaringizni kengaytirish uchun barcha sharoitlarni yaratishda davom etamiz. Sizlarning atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot g‘oyalarini amalga oshirish yo‘lidagi sa’y-harakatlaringiz mamlakatimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shadi.
Yangi yil barchamizga tinchlik, farovonlik va rivojlanish olib kelsin! Institutimiz va butun mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishda davom etamiz.
Hurmat bilan,
Usmonov Botir Shukurillayevich
Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori