Yevropa Ittifoqining ERASMUS-EDU-2022-CBHE dasturi doirasida “ECAMPUZ European World Talent Camp for Uzbekistan Scientists in Food Science and Technology” loyihasi joriy yilning yanvar oyidan o’z faoliyatini boshlagan. Loyiha Yevropa Ittifoqi hamkorligida birgalikda moliyalashtiriladi.
“ECAMPUZ” loyihasi O‘zbekistonda oziq-ovqat sanoati sohasida “Barqaror o‘sish va ish o‘rinlarini yaratish” (“Bilimlar uchburchagi, innovatsiya” kichik toifasi) bilan bog‘liq milliy ustuvorliklarni hal qilish uchun salohiyatni oshirish, barqaror vositalarni ishlab chiqish va joriy etishga qaratilgan.
ECAMPUZ loyihasining hamkor tashkilotlari:
- Toshkent kimyo-texnologiya instituti - koordinator;
- Kopengagen universiteti (Daniya);
- Ekstremadura universiteti (Ispaniya);
- Mirzo Ulug’bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti;
- Buxoro muhandislik-texnologiya instituti;
- Andijon davlat universiteti;
- Urganch davlat universiteti;
- Ilg'or texnologiyalar markazi.
Loyiha 2023-yil boshidan 2025-yil ohirigacha davom etadi.
Loyiha doirasida 2023-yil 18-30-sentabr kunlari 5 O’zbekiston OTM hamkor tashkilotlar, ya’ni - Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Mirzo Ulug’bek nomidagi O'zbekiston Milliy Universiteti, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti, Andijon Davlat Universiteti hamda Urganch Davlat Universitetidan 26 nafar bakalavriat, magistratura va PhD talabalari uchun loyihaning birinchi ikki haftalik trening kursi (CAMP 1) tashkil etildi.
Ushbu trening talabalarni oziq-ovqat fanlari sohasidagi keng yo'nalishlarni qamrab olgan zamonaviy usullar va ilg'or bilimlar bilan tanishtirish uchun zarur bo'lib, Yevropa Ittifoqi universitetlarida qo'llaniladigan yangi innovatsion metodologiyalardan foydalangan holda keng qamrovli o’quv va tayyorgarlik bilan ta'minlaydi.
Yuqorida ko’rsatilgan OTMlardan ishtirokchilar may oyida e’lon qilingan tanlov asosida loyiha baholash komissiyasi tomonidan saralab olingan. Tanlovda ishtirokchilarning ingliz tilidan bilim darajasi, oziq-ovqat sohasidan umumiy bilimlari va oq’ish davomida orttirgan amaliy bilimlariga kata e’tibor qaratildi.
Trening kursi ECAMPUZ loyihasini yuqori saviyada va zamonaviy dasturga asoslangan holda o’tkazish uchun Yevropa Ittifoqidagi hamkor tashkilotlar vakillari - 5 nafar professor-o‘qituvchilari taklif etilgan: Kopengagen universiteti (Daniya) – dotsent Bekzod Xakimov, assistent Tomasz Pawel Czaja (Tomash Pavel Chayya);
Ekstremadura universiteti (Ispaniya) – prof. Jorge Ruiz-Carrascal (Xorxe Ruiz-Karraskal), dots. Mario Estevez Garcia (Maryo Estevez Garsiya) va Dr. Ana Isabel Andres Nieto (Ana Izabel Andres Niyeto). Taklif qilingan professor-o’qituvchilar Yevropa OTMlari hamda oziq-ovqat sanoatida oziq-ovqatning yangi, zamonaviy va ilg’or yo’nalishlarida mutaxassis hisoblanib, O’zbekiston OTMlariga fudomika, metabolomika, molekulyar gastronomiya, oziq-ovqat mahsulotlarini tezkor tahlil qilish kabi va boshqa yangi yo’nalishlarni tanishtirishni ko’zlamoqda.
Trening mavzusi: Akademik oziq-ovqat fanini modernizatsiya qilish va birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish.
Trening olib boriladigan til: ingliz tili
O'tiladigan fanlar: oziq-ovqat kimyosi, molekulyar gastronomiya va oziq-ovqat tahlili.
Talabalar soni: 26
Yevropalik OTM professor-o’qituvchilari O’zbekistonlik talabalarga oziq-ovqat sohasidagi zamonaviy bilimlar, innovatsion texnologiyalar va analiz usullari bo’yicha saboq bermoqda. Talabalar bilan bugungi kunda dunyodagi oziq-ovqat bilan bog’liq muammolar borasida suhbat olib borilmoqda.
Trening ochilishi va birinchi haftasi Toshkent viloyati, Bo’stonliq tumani Chimyon shaharchasida joylashgan “Yoshlar oromgohi” da o’tkazildi. Hafta davomida talabalar oziq-ovqat kimyosi, molekulyar gastronomiya va oziq-ovqat tahliliga doir ma’ruzalar tingladilar; molekulyar gastronomiya hamda oziq-ovqat kimyosiga taalluqli bir qator laborator mashg’ulotlar bilan tanishdilar. Shuningdek, 26 nafar talablar guruhlarga ajratilib, oziq-ovqat bilan bog’liq muammolarga innovatsion yechim topish uchun topshiriqlar bilan tanishib chiqdilar. Trening dasturidan tashqari bo’sh vaqtlarda talabalar Yevropalik professor-o’qituvchilar bilan sport mashg’ulotlari, turli o’yinlar va tog’ga piyoda turizm bilan mashg’ul bo’ldilar.
Hozirda ECAMPUZ loyihasi treningi (CAMP 1)ning 2 haftasi ketmoqda. 25-26 sentabr kunlari talabalar Toshkent kimyo-texnologiya instituti (Toshkent sh., Navoiy koʻchasi, 32-uy) ning oziq-ovqat mahsulotlari texnologiyaysi fakultetida hamda 27-28-29 sentabr kunlari Ilgʻor texnologiyalar markazi (Toshkent sh., Talabalar shaharchasi, 3A)da olib boriladi. Yakunlovchi haftada talabalar treningning birinchi haftasida orrtirgan bilimlarini laboratoriya sinovlari va amaliy mashg’ulotlarda qo’llaydi. Treningning so’nngi kuni guruhlarning berilgan topshiriqlar bo’yicha taqdimot himoyasi va tadbir bilan yakunlanadi.