Ijtimoiy tarmoqlar

Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi Xalqaro kredit mobilligi loyihasi doirasida Kantabriya universitetida Xalqaro haftalik bo‘lib o‘tdi.

2025-yil 2–7-iyun kunlari Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi Xalqaro kredit mobilligi loyihasi doirasida Kantabriya universitetida Xalqaro haftalik bo‘lib o‘tdi. 

Ushbu tadbirda Toshkent kimyo-texnologiya instituti Iqtisodiy va tashkiliy masalalar bo‘yicha prorektor B.B. Qodirov, “Sanoat ekologiyasi” kafedrasi professori X.L. Pulatov hamda Xalqaro hamkorlik va protokol bo‘limi boshlig‘i S.S. Saidaxmadovlar ishtirok etdilar.

Xalqaro haftalikni Kantabriya universiteti rektori, professor López Fernandez ochib berdi. Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan uchrashuvda tomonlar ikki oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi mavjud hamkorlik aloqalari va kelgusidagi rejalar yuzasidan fikr almashdilar. Akademik mobillik asosida o‘nlab professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi amalga oshirilgani, shuningdek, institutimizning ikki nafar tayanch doktoranti “Cotutelle” dasturi asosida PhD darajasini muvaffaqiyatli himoya qilgani e’tirof etildi.

Dastur davomida dunyoning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikda Kantabriya universitetining ilg‘or tajribalari o‘rganildi. Delegatsiya a’zolari quyidagi seminar-treninglarda faol ishtirok etdilar:

“Kantabriya universitetida o'qitishni qo'llab-quvvatlash xizmatlari”

 “ChatGPT va sun’iy intellekt vositalari orqali tadqiqot va o‘qitish imkoniyatlarini kengaytirish”

 “Zamonaviy dunyo uchun o‘qitishning innovatsion istiqbollari”

Uchrashuv yakunida Kantabriya universiteti bilan “Menejment” va “Ekologiya” yo‘nalishlarida ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohalaridagi hamkorliklarni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, universitet kutubxonasi va zamonaviy laboratoriya markazlariga tashrif buyurildi.

Bu kabi tashriflar institutimizning xalqaro aloqalarini yanada mustahkamlash, ilg‘or tajriba va yondashuvlarni o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.