“Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasida tadbir o‘tkazildi
Joriy yilning 11-dekabr kuni Toshkent kimyo-texnologiya institutining Kimyo injiniring fakultetida “Yong‘in xavfsizligi oyligi” munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning asosiy maqsadi aholining yong‘in xavfsizligi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda is gazi bilan bog‘liq xavf-xatarlarning oldini olishdan iborat edi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga is gazi (uglerod oksidi)ning inson salomatligiga zararli jihatlari, uning hosil bo‘lish sabablari, xonalarni shamollatish qoidalari, isitish moslamalaridan to‘g‘ri foydalanish, ventilyatsiya tizimlarining ahamiyati hamda zaharlanishning dastlabki belgilariga oid batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, is gazi xavfi bo‘yicha maxsus tayyorlangan video rolik namoyish etildi.
Rolikda gaz va ko‘mir yoqiladigan isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatlari, zaharlanish alomatlari, birinchi yordam ko‘rsatish tartibi va honadonlarda xavfsizlik choralariga rioya qilish bo‘yicha tavsiyalar keltirildi.
Namoyishdan so‘ng savol-javoblar tashkil etilib, ishtirokchilar mutaxassislarning tavsiyalarini oldilar.
Tadbir “Yong‘in xavfsizligi oyligi”ning maqsadlariga muvofiq ravishda aholining xavfsizlik madaniyatini oshirish va profilaktika ishlarining samaradorligini kuchaytirishga xizmat qildi.