Silikat materiallar va nodir, kamyob metallar texnologiyasi kafedrasi



«Silikat materiallar va nodir, kamyob metallar texnologiyasi» kafedrasi 2011-yilda “Silikat moddalar texnologiyasi” va “Analitik kimyo va nodir metallar texnologiyasi” kafedralari birlashtirish natijasida Toshkent kimyo-texnologiya instituti tarkibida tashkil etilgan.

Kafedra tarixi 1929 yildan boshlanadi, 1929-1940-yillar davomida ilk bor Oʻrta Osiyo Davlat universiteti qoshidagi “Texnikaviy kimyo” tahsilgohida “Keramika va oʻtga chidamli materiallar” hamda “Bogʻlovchi moddalar texnologiyasi” mutaxassisliklari boʻyicha 18 nafar mutaxassis bitiradi. Silikat texnologiyasi sohasi boʻyicha muxandis-kimyogarlar tayyorlash 1940-yili Oʻrta Osiyo Industrial institutiga oʻtkaziladi va “Silikatlar texnologiyasi” kafedrasi barpo etiladi.

Hozirgi kunda kafedra tomonidan 5ta asosiy mutaxassislik bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi: silikat va qiyin eriydigan nometall materiallar texnologiyasi, kamyob va nodir metallar texnologiyasi, qurilish materiallar texnologiyasi, chinni-fayans texnologiyasi, elektrokimyoviy ishlab chiqarishlar. 

Kafedra chet davlatlariga xam yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga oʻz xissasini qoʻshgan. Kafedrada bir qator chet el mamlakatlari, yaʼni Chexiya, Hindiston, Misr, Livan fuqarolari tahsil olgan, shulardan 3 nafari nomzodlik dissertatsiyalarini kafedrada ximoya etganlar.

Kafedrada yuqori malakali, tajribali professor va dotsentlar faoliyat koʻrsatadi, ular har bir bitiruvchining yaxshi mutaxassis bo‘lishi uchun alohida yondashib ishlaydilar. Hozirda kafedrada 4 professor, 7 nafar fan nomzodi, 1 nafar katta o‘qituvchi, 1 nafar stajiyor o’qituvchi, 3 nafar assistentlar, 8 nafar PhD doktorant va mustaqil tadqiqotchi faoliyat olib bormoqda. Ilmiy salohiyat - 69 %.

Kafedra oʻqituvchilaridan besh nafari yuksak Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan, shu jumladan prof. Otaqoʻziyev T.A. “Ulugʻ xizmatlari uchun” ordeni; prof. Ismatov A.A., prof. Aripova M.X., prof. Babaxanova Z.A. va dots. I.I. Sadikovlar “Shuxrat” medali.

“Silikat materiallar va nodir, kamyob metallar texnologiyasi” kafedrasining asosiy maqsadi – zamonaviy keramik, shisha va bogʻlovchi  materiallar, yangi kompozit materiallar, ilg’or innovatsion texnologiyalarga asoslangan materiallar, kamyob va nodir metallar, qurilish materiallar va chinni-fayans texnologiyasi, elektrokimyo va nanotexnologiyaga asoslangan materiallar yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashdir.

Bitiruvchi talabalar xom ashyo materiallarni tanlash, boyitish, maydalash, aralashtirish va pishish qonuniyatlari o‘rganish, tayyor mahsulot olishda kristallanish, struktura shakllanishi va gidratlanish jarayonlarini o‘rni va ahamiyati bo‘yicha nazariy va amaliy, profiliga mos bilim, ko‘nikma va malakaga ega bo‘ladilar.

Kafedraning vazifasi:

● silikat  materiallar, kamyob va nodir metallar, qurilish materiallar va chinni-fayans texnologiyasi, elektrokimyoviy ishlab chiqarishdagi asosiy jarayonlar;

● Texnologik jarayonlarni boshqarish va jadallashtirish;

● Maydalash jarayonining nazariy asoslari;

● Aralashtirish va shakllash jarayonlari turlari va nazariyasi;

● Xomashyolarni innovatsion energotejamkor usullarda boyitish;

● Pishirish jarayonining fizik-kimyoviy asoslari;

● Kristallanish jarayoni va uni silikat materiallar ishlab chiqarishdagi o‘rni bo‘yicha nazariy-amaliy bilimlarni uzviylik va uzluksizlikda o‘rgatishdan iborat.

  • Kafedra bitiruvchilari “Kvarts” AJ, “Asl oyna” AJ, “Bekobodsement” AJ, “Ohangaronsement” AJ, Olmaliq tog’-metallurgiya kombinati,  Navoi tog’-metallurgiya kombinati,  “Toshkent-Chinni”, “Nodir Kafellar”, “Oniks-Tashkent”, “Toshkent Chinni Zavodi”, “Foton”, “Artel”  va boshqa ko‘plab soha korxonalarida ishlashi mumkin.

Kafedrada

· kimyoviy texnologiya (qurilish materiallari),

· kimyoviy texnologiya (silikat materiallari),

· kimyoviy texnologiya (elektrokimyo),

· kimyoviy texnologiya (kamyob, tarqoq va nodir metallar)

yo‘nalishlari bo‘yicha 70 dan ortiq mutaxassislik fanlari o‘qitiladi.

Kafedra professor-o‘qituvchilari o‘quv faoliyati bilan bir qatorda o‘quv-uslubiy ishlar bilan ham shug‘ullanadilar. Jumladan, 2023-2024- yillarida kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan 21ta darslik, o‘quv qo‘llanma, monografiya, trening kurslari chop etildi. Jumladan:

● Aripova M.X., Babaxanova Z.A. “Mineralogiya kristallografiya va kristalkimyo asoslari”. Darslik , 2023.y. 320 b.    

● Sh.P.Nurullayev, R, I.Ro‘zmatov ., Sh.B.Buxorov., J.Eshmetov, A.K.Oserbayeva, A.M. Mamatov “Korroziya va metallarni korroziyadan himoyolanish”. Darslik, 2024 y.

● Geun Seong Lee, Mastura Aripova, Zebo Babakhanova. “Basic Refractories in the Cement Process”. Monography, 2023. 105 b. 

● Alimdjanova D.I. “Silikatlar texnologiyasiga oid xisoblar”. O‘quv qo’llanma, 2023 y. 263 b.

● Alimdjanova D.I. “Qurilish materiallar texnologiyasi”. O‘quv qo’llanma, 2023 y. 212 b.

Hozirda kafedraning o‘quv filiallari “Asl oyna”, “Toshkent-Chinni Zavodi” va “Nodir kafellar” AJ sanoat korxonalarida tashkil etilgan boʻlib, talabalarga toʻgʻridan toʻgʻri ushbu korxonalarda darslar olib borilmoqda. Kichik filiallarda talabalar fan va ishlab chiqarish uygʻunligida oʻzlarining bilim va koʻnikmalarini yuqori natijadorlikda oʻzlashtirib bormoqdalar.

Kafedraning ilmiy faoliyati.

Kafedrada olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarida mahalliy xom-ashyolar va sanoat chiqindilari asosida keramika, chinni-fayans, kislota-bardosh materiallar, shisha va shishakristall materiallar, bogʻlovchi moddalar, zamonaviy biokeramika, pyezokeramika, yuqori haroratga bardoshli katalizator tashuvchilari, xomashyolarni innovatsion va energotejamkor usulda kompleks boyitish, kamyob va nodir metallar asosida magnit, yuqori qattiqlik, yuqori harorat va ishqalanishga chidamli birikmalar, nanokukun va nanomateriallar olish yoʻllarini oʻrganilmoqda.  

Kafedra professori Aripova M.X. raxbarligida suyak nuqsonlaridagi mavjud osteosintezni jadallashtiruvchi, suyak oʻrnini bosuvchi sunʼiy materiallarni yaratish, xossa va xususiyatlarini oʻrganish borasida ham ishlar olib borilmoqda. Bir qator ishlar fosfogipsni qayta ishlash, ulardan kislota va sement olishga qaratilgan.

Kafedrada amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar:

1.  O‘zbekiston-Belarus xalqaro qo‘shma loyihalar tanlovi asosida “Keramik buyumlar uchun biotsid sir qoplamalarning struktura va xossalarini takomillashtirish” fundamental loyiha, rahbar – prof. Aripova М.Х. Umumiy budjet - 1 mlrd. UZS.

2. “Jerdanak gilslanetslar asosida energotejamkor o‘tga chidamli shamot g‘ishtlarni olish texnologiyasini yaratish” innovatsion loyiha, rahbar -prof. Aripova М.Х. Umumiy budjet - 1,2 mlrd. UZS.

3.  “Mahaliy xomashyo asosida stomatologik kompozit sementlar olish texnologiyasini yaratish” amaliy loyiha, rahbar -prof. Aripova М.Х. Umumiy budjet - 1,6 mlrd. UZS.

2024 yilda “Silikat materiallar va nodir, kamyob metallar texnologiyasi” kafedrasi qoshida “Fizik-kimyoviy tahlil va nanomateriallar ilmiy laboratoriyasi” ochildi.

2023-2024 y.y. kafedrada 2 PhD dissertatsiya himoya qilindi:

● Erkinov F.B. “Avtomobil yo‘l chiziqlari uchun mahalliy xom-ash’yolar asosida shisha mikrosferalar olish texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusida PhD.

● Xamidova X. “Разработка строительного кирпича с высокими эксплуатационными свойствами на основе местных сырьевых материалов mavzusida” PhD.

Kafedrada 4 ta innovatsion guruh faoliyat ko‘rsatib kelmoqda: “Asl oyna” AJ, “Bekobodsement” AJ, “Toshkent Chinni” va “Kvarts” AJ bilan tuzilgan guruhlarda korxonalarning mavjud texnologik mummolarini yechish masalalari hal etiladi. Innovatsion guruhlarda kafedraning professor o‘qituvchilari, magistr va talabalari ishtirok etib, magistrlarning dissertatsiya mavzulari va bakalavrlarning BMI mavzulari ushbu muammolarni yechishga qaratilgan.

Kafedra professor- o‘qituvchi va doktorantlari tomonidan har yili horijiy va maxalliy jurnallarda 50 dan oritq maqola; anjumanlar to‘plamlarida 100 dan ortiq maqola va tezislar chop etiladi.

Kafedraning hamkor universitet va tashkilotlari:

Rossiya kimyo-texnologiya universiteti, Sankt-Peterburg davlat texnologiya universiteti, Janubiy Qozog’iston Davlat Universiteti, Koreya Respublikasi Ulsan Universiteti, Italiyaning Turin Politexnika Universiteti, Belorus Davlat Texnologiya Universiteti, Ivanovsk davlat kimyo-texnologiya Universiteti, Yaponiyaning Nagoya Universiteti, Xitoyning Sinxua Universiteti, Italiyaning Materiallar Strukturasi Ilmiy-Tadqiqot Instituti, Tambov Davlat Texnika Universiteti, Koreya Respublikasi Ulsan Texnoparki, Koreya Respublikasi “Giant chemical” korxonasi, Koreya sanoat texnologiyalari instituti (KITECH)

document

Aripova Mastura Xikmatovna
Aripova Mastura Xikmatovna Kafedra mudiri
smnkmtk@tkti.uz +998909553991