O’qishni ko’chirish va qayta tiklash

TALABALAR O‘QISHINI KO‘CHIRISH VA QAYTA TIKLASH

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qarorining 3-ilovasi bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisida nizom”ga muvofiq talabalar o‘qishini ko‘chirish va o‘qishni qayta tiklash jarayonlari quyidagi tartiblarda amalga oshiriladi:

Respublika oliy taʼlim muassasalariga talabalar oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash boʻyicha arizalar quyidagi elektron platformalar orqali qabul qilinadi:

transfer.edu.uz – Respublikaning bir OTMdan boshqa OTMga yoki bir OTM doirasida;

my.uzbmb.uz — xorijiy mamlakatlarda yoki respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta'lim muassasalaridan davlat oliygohlariga.

📞 Institutda tashkil etilgan CALL-CENTER orqali o'zingizni qiziqtirgan ma'lumotlarni olishingiz mumkin: +998 71 244-79-34   +998 71 244-77-83 

Oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻqishini koʻchirish

Oliy taʼlim tashkilotlariga talabalar oʻqishini koʻchirish (koʻchirib tiklash) boʻyicha arizalarni roʻyxatdan oʻtkazish Vazirlikning rasmiy veb-sayti yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan biri orqali bir oʻquv yilida ikki marta:

kuzgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin — 15-iyuldan 5-avgustgacha (5-avgust kuni ham);

bahorgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin — 10-yanvardan 20-yanvargacha (20-yanvar kuni ham) elektron platforma orqali amalga oshiriladi.

Bahorgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin talabalar oʻqishini bir oliy taʼlim tashkilotidan boshqasiga koʻchirib tiklash toʻgʻrisidagi arizalar qabul qilinmaydi va koʻrib chiqilmaydi.

Oʻqishini koʻchirish (koʻchirib tiklash) istagini bildirgan fuqarolar elektron platformaga oʻzining shaxsiy identifikatsiya maʼlumotlarini kiritadi va oʻziga tegishli quyidagi hujjatlarni yuklaydi:

oʻqishini koʻchirish (koʻchirib tiklash) sabablarini asoslovchi hujjatlar nusxasi;

reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik maʼlumotnoma yoxud transkript nusxasi.

Oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻqishini koʻchirish (koʻchirib tiklash) toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish va qaror qabul qilish:

kuzgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin — 6-avgustdan 30-avgustgacha (30-avgust kuni ham);

bahorgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin — 21-yanvardan 10-fevralgacha (10-fevral kuni ham) amalga oshiriladi.

Respublika davlat oliy ta'lim muassasalariaro o‘qishni ko‘chirishga 2 ta uzrli sababga asosan ruxsat beriladi:

Talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi OTMga o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda;

Davlat xizmatchisi ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda (tegishli vazirlik/idora rahbarining tavsiyasi asosida).

Xorijiy davlatlardagi OTMdan o‘qishni davlat OTMlariga ko‘chirishda: Mos va turdosh ta’lim yo‘nalishiga talabadan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar, boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari natijasida o‘tish balini to‘plash talab etiladi. Bunda kasbiy (ijodiy) imtihonlar tegishli OTM, test sinovlari esa BMBA tomonidan o‘tkaziladi. O‘tish balidan past ball to‘plagan talabalarga tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishini ko‘chirishga ruxsat beriladi. Mos va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishga ruxsat etilmaydi.

O‘zbekistondagi xorijiy va nodavlat OTMdan o‘qishni davlat OTMlariga ko‘chirish xorijiy OTMdan o‘qishni ko‘chirish tartibi kabi tashkil etiladi. Qo‘shimcha ravida ularga mos va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishiga tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt (super-kontrakt)ni bir martalik to‘lov asosida o‘qishini ko‘chirishga ruxsat beriladi.

Xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarining magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar oʻqishining oliy taʼlim tashkilotlariga koʻchirilishiga ruxsat etilmaydi.

Xorijiy fuqarolarning oʻqishi xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlaridan davlat oliy taʼlim tashkilotlariga suhbat asosida muayyan oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrugʻiga asosan koʻchiriladi (koʻchirib tiklanadi). Ularning toʻlov-kontrakt miqdorlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.

Oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻqishini qayta tiklash

Oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining oʻqishini qayta tiklash boʻyicha arizalarni qabul qilish bir oʻquv yilida ikki marta:

kuzgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin — 15-iyuldan 5-avgustgacha (5-avgust kuni ham);

bahorgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin — 10-yanvardan 20-yanvargacha (20-yanvar kuni ham) muayyan oliy taʼlim tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi.

Arizalar oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan elektron shaklda ham qabul qilinishi mumkin.

Oʻqishini qayta tiklash istagini bildirgan talaba tomonidan arizasiga reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik maʼlumotnoma yoxud transkript nusxasi ilova qilinadi.

Oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻqishini qayta tiklash toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish va qaror qabul qilish:

kuzgi semestr uchun — 6-avgustdan 31-avgustgacha;

bahorgi semestr uchun — 21-yanvardan 10-fevralgacha amalga oshiriladi.

Talabani oʻqishdan chetlashtirilgan oʻquv yilida (tahsil olgan kursiga, semestriga) oʻqishga qayta tiklashga (koʻchirib tiklashga) yoʻl qoʻyilmaydi.

Quyidagi holatlar fuqaroning o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash haqidagi arizasiga rad javobi berilishiga asos bo‘ladi:

xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega boʻlmagan oliy taʼlim tashkilotlarida yoki ularning filiallarida oʻqiganlarga;

oliy taʼlim tashkilotlarining markazlari, boʻlimlari, oʻquv-maslahat punktlari va boshqalarda oʻqiganlarga;

birinchi kursning birinchi semestriga oʻqishni koʻchirishga (talabaga kasallik tufayli akademik taʼtil berilgan holatlar, oʻqigan taʼlim yoʻnalishi mavjud boʻlmaganda, koʻchirib tiklash holatlari bundan mustasno);

oliy taʼlim tashkilotida mos (turdosh) taʼlim yoʻnalishi (mos mutaxassislik) yoki taʼlim shakli mavjud boʻlmasa;

toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga tavsiya etilganlar toʻlovni belgilangan muddatda amalga oshirmaganda;

talabaning shaxsiy yigʻmajildi (akademik maʼlumotnoma) belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganda;

oliy taʼlim tashkilotiga davlat granti asosida koʻchirish va qayta tiklashda davlat granti asosida taʼlim oluvchilar soni (qabul parametrlari) doirasida boʻsh oʻrinlar mavjud boʻlmasa;

oliy taʼlim tashkiloti moddiy-texnik bazasining imkoniyati cheklanganda;

maqsadli qabul qilinganlar boshqa taʼlim yoʻnalishi yoki taʼlim shakliga yoxud boshqa oliy taʼlim tashkilotiga;

bir taʼlim shaklidan maxsus sirtqi taʼlim shakliga hamda maxsus sirtqi taʼlim shaklidan boshqa taʼlim shakliga;

talaba Oʻzbekiston va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining oʻzaro kelishuvi asosida qabul qilinib, qoʻshma taʼlim dasturlari asosida tahsil olgan yoki tahsil olayotgan boʻlsa (mazkur qoʻshma dasturning oʻzi bundan mustasno);

qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa holatlarda.

Talabani oʻqimagan semestrdan keyingi semestrga oʻqishga tavsiya etishga ruxsat berilmaydi.

Talabalarning oʻqishini koʻchirish (koʻchirib tiklash) va qayta tiklashni rasmiylashtirishda oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori) belgilangan tartibda oʻquv rejalari va dasturlardagi mavjud akademik qarzlarni yoki farqlarni topshirish tartibi va muddatlarini (joriy semestr davomida), oʻqitish kursi (semestri) hamda oʻqishga qabul qilishning qonunchilikda belgilangan boshqa shartlarini belgilaydi.

Bunda talabaning oʻqishni muayyan kursdan (semestrdan) davom ettirishi uchun undan quyidagilar talab etiladi:

a) talabalar bilimini nazorat qilish va baholashning reyting tizimida — oʻquv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik fanlari boʻyicha farqlar 4 tadan oshmasligi lozim;

b) talabalar oʻquv yuklamasi hajmini aniqlashning shartli birliklari (kreditlar)ni oʻtkazish va jamlash tizimida — talaba oʻqishi koʻchirilayotgan taʼlim yoʻnalishi (mutaxassislik)ning namunaviy oʻquv rejasidagi fanlar boʻyicha GPA koʻrsatkichi 2,4 va undan yuqori boʻlishi lozim.

ushbu talablar bajarilmagan holatda talabaga uning arizasiga muvofiq namunaviy oʻquv rejasidagi fanlar farqini (GPA koʻrsatkichini) inobatga olgan holda, oʻqishini quyi kursdan (semestrdan) davom ettirishga ruxsat berilishi mumkin.

Talabalar oʻquv yuklamasi hajmini aniqlashning shartli birliklari (kreditlar)ni oʻtkazish va jamlash tizimida aniqlangan fanlar farqi (akademik qarzdorlik, oʻzlashtirilmagan kredit) ushbu kreditlar miqdoriga mos ravishda bazaviy toʻlov-kontrakt miqdoridan kelib chiqqan holda, toʻlov amalga oshirilgandan soʻng oʻzlashtiriladi (qayta oʻzlashtiriladi).

Toʻlov-kontrakt asosida oʻqishi koʻchirilgan yoki tiklangan fuqarolarni talabalar safiga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrugʻi ular tomonidan belgilangan muddatda shartnoma toʻlovlari bajarilgandan soʻng 10 kun muddatda qabul qilinadi.

O'qishni ko'chirish bo'yicha natijalar
Hujjat nomi
O'qishni ko'chirish bo'yicha natijalar Ko'rish